Yangiliklar

«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovida 120 nafar yosh g‘olib va sovrindor bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev g‘olib va sovrindorlarni tabrikladi
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovida 120 nafar yosh g‘olib va sovrindor bo‘ldi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasbiy mahorat milliy tanlovi g‘olib va sovrindorlarini tabrikladi. Tanlov ilk bor Prezident sovrini uchun tashkil etilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

124 mingdan ortiq yosh ishtirok etdi

Tanlovning dastlabki — tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yosh o‘z kasbiy mahoratini namoyish etdi. Hududiy bosqichda esa qariyb 7 ming nafar ishtirokchi qatnashgan. Ularning 3,5 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan mahalla yoshlari bo‘lgan.

Tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, o‘nta kasb yo‘nalishini qamrab oldi. Yakunda 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi.

22 ming yosh uchun yangi imkoniyat yaratildi

Tanlov doirasida maktab bitiruvchilari uchun ham ish va ta’lim imkoniyatlari yaratildi. Jami 22 ming nafar yigit-qiz mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, ishlash yoki ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shundan qariyb 8,9 ming nafar ishtirokchiga ishga yo‘llanma berildi. 4 470 nafar yosh texnikumlarda o‘qishga tavsiya qilindi. Salkam 8 340 nafar xorijda ishlashni rejalashtirayotgan yosh esa chet ellik ish beruvchilar tanlovlariga yo‘naltirildi.

Yoshlar «WorldSkills» tanloviga tayyorlanadi

Prezident g‘oliblar va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularni «WorldSkills International» xalqaro kasbiy mahorat tanloviga tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, yoshlar zamonaviy uskunalar va zarur o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlanadi.

Prezident yoshlarni yangi bilim va texnologiyalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda o‘z kasbi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti bilan telefonda nimalarni muhokama qilgani haqida yozgandi.