Yangiliklar

Davlat tili va ma’naviyat bo‘yicha maslahatchilar faoliyati tartibga solindi

Tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi
Davlat tili va ma’naviyat bo‘yicha maslahatchilar faoliyati tartibga solindi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda davlat organlari va hokimliklarda ma’naviyat hamda davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi. Tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Faoliyatni maxsus departament muvofiqlashtiradi

Yangi tartibga ko‘ra, maslahatchilar ishini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi. Departament ularga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi.

Maslahatchilar tegishli davlat organlari, tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari rahbari tomonidan Departament bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

Geografik nomlar bo‘yicha ham ishlaydi

Maslahatchining asosiy vazifalaridan biri davlat tilini rivojlantirish va geografik obyektlarni nomlash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etishdan iborat.

Ular davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari huzurida mazkur yo‘nalishdagi masalalarni muhokama qilish hamda tegishli qarorlar qabul qilish jarayonida qatnashadi.

Qarorlar ijrosi nazorat qilinadi

Maslahatchilar davlat tili va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirishga qaratilgan buyruq, qaror va ko‘rsatmalarning ijrosini ham nazorat qiladi.

Bu orqali davlat tashkilotlarida davlat tilidan foydalanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Hisobotlar muntazam eshitiladi

Maslahatchilarning faoliyati yuzasidan hisobotlar Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan yiliga kamida bir marta ko‘rib chiqiladi.

Tegishli davlat organlari va tashkilotlarida esa maslahatchilarning hisoboti har chorakda eshitib boriladi. Natijalarga ko‘ra, zarur choralar ko‘riladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan pedagoglar uchun attestatsiya va sertifikat sinovlari to‘lovi 50 foizga kamaytirilgani haqida yozgandi.