Yangiliklar

Elektromobillar mashmashasi: budjet puli kimning cho‘ntagiga ketadi

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu tashabbusni keskin tanqid qildi.
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda qiymati 440 mln so‘mgacha bo‘lgan elektromobillarni xarid qilish uchun olingan avtokreditlar foizining bir qismini davlat budjetidan qoplash taklif etilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu tashabbusni keskin tanqid qilib, budjet mablag‘larini nisbatan qimmat avtomobil xaridorlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish o‘rniga elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini kamaytirish yoki bekor qilish ma’qulroq ekanini ta’kidladi.

Kredit foizining bir qismi budjetdan qoplanadi

Loyihaga ko‘ra, birlamchi bozordan elektromobil xarid qilish uchun olingan avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 8 foiz bandigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi. Kompensatsiya 1000 BHMdan, ya’ni 440 mln so‘mdan oshmaydigan elektromobillar uchun qo‘llanadi. Kredit miqdori esa 300 mln so‘mgacha bo‘lishi kerak.

Bakirov: «Bu juda yomon, zararli va antijtimoy taklif»

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu taklifni keskin tanqid qildi. Uning fikricha, elektromobil ehtiyojmand aholi uchun zarur ijtimoiy tovar emas. Aksincha, bunday avtomobillar asosan nisbatan boy fuqarolar tomonidan xarid qilinadi.

Bakirov budjet mablag‘lari hisobidan ularning kredit foizini qoplashni adolatsiz deb hisoblamoqda.

«Nima uchun boylarning komforti uchun xususan, o‘qituvchi va do‘xtirlar to‘lagan soliqdan har yili 24 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanishi kerak?», — deb yozdi iqtisodchi.

«Budjetga qancha tushadi»

Iqtisodchi dastur davlat moliyasiga qancha yuk tushishi masalasini ham ko‘targan.
Uning fikricha, har yili minglab xaridorlar kompensatsiyadan foydalansa, budjet xarajatlari sezilarli darajada oshishi mumkin. Shu sababli dastur uchun yiliga qancha mablag‘ talab qilinishi ochiq ko‘rsatilishi kerak.

Bakirov, shuningdek, loyiha ayrim elektromobil sotuvchilariga ustunlik berishi mumkinligini taxmin qilmoqda. U 440 mln so‘mlik chegara ayrim Xitoy elektromobillariga mos kelishini, kreditning faqat birlamchi bozorga yo‘naltirilishi esa rasmiy dilerlarga foyda keltirishi mumkinligini yozgan.

«Har gal shunaqa lobbilar paydo bo‘lganida, oyoqlar qayoqdan o‘sib chiqayapti degan savol qo‘yilishi kerak», — deya achitqi qilgan Bakirov.

Bakirov Li Auto, Deepal va Leapmotor kabi ayrim modellarning belgilangan mezonlarga tushmasligi mumkinligini ham qayd etgan.

Muqobil taklif — utilizatsiya yig‘imini bekor qilish

Bakirovning fikricha, elektromobillarni ommalashtirish maqsad qilingan bo‘lsa, kredit foizini subsidiyalash o‘rniga utilizatsiya yig‘imini kamaytirish yoki vaqtincha bekor qilish samaraliroq bo‘lishi mumkin.

«Agar elektromobillarni ommaviylashtirish bo‘yicha niyatlar samimiy bo‘lsa, elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini bekor qilish samarali emasmi?», — deb so‘radi u.

Uning fikricha, bunday yondashuv alohida xaridorni subsidiyalashdan ko‘ra bozor uchun tengroq sharoit yaratadi.

Loyiha hozircha muhokama bosqichida bo‘lib, uning shartlari yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq kompensatsiya mablag‘lari 2026-yilda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari, 2027–2030-yillarda esa Davlat budjeti parametrlari hisobidan qoplanishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.