Yangiliklar

Farg‘onada kadastr filiali rahbariga jinoyat ishi ochildi

Hozirda ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda
Farg‘onada kadastr filiali rahbariga jinoyat ishi ochildi
Foto: DXX

Farg‘ona viloyatida Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Mansabdor shaxs noqonuniy qurilgan savdo do‘koniga nisbatan ko‘riladigan choralarni bekor qildirish evaziga pul olganlikda gumon qilinmoqda.

$600 olgani aytilmoqda

Ma’lum qilinishicha, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaroning noqonuniy qurilgan savdo do‘koniga nisbatan Kadastr agentligining tuman bo‘limi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali rahbari ushbu dalolatnomani bekor qildirish va obyektga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmasligini ta’minlab berishni va’da qilgan. Buning evaziga u 2026-yil iyul oyi boshlarida fuqarodan 600 AQSH dollari olgani qayd etilgan.

Biroq mansabdor shaxs va’dasini bajarmagan va keyinchalik fuqaroga 500 dollarni qaytarib bergan.

Holat tezkor tadbirda fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur holat aniqlangan.

Shundan so‘ng Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Toshkentda $36 minglik tovlamachilik fosh etilgani haqida yozgan edi.