Yangiliklar

Netanyahu Trampning G‘azo bo‘yicha rejasini rad etdi

HAMAS to‘liq qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan olib chiqilmaydi
Netanyahu Trampning G‘azo bo‘yicha rejasini rad etdi
Foto: Shutterstock

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati qo‘llab-quvvatlayotgan G‘azo bo‘yicha 15 banddan iborat rejani rad etdi. Uning aytishicha, HAMAS to‘liq qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan olib chiqilmaydi.

Netanyahu 9-avgust kuni hukumat yig‘ilishida Isroil 15 bandli hujjatni qabul qilmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u G‘azo bo‘yicha Vashington bilan muzokaralar davom etayotganini ta’kidladi. Oq uy uning bayonotiga darhol munosabat bildirmadi.

Isroil HAMASning to‘liq qurolsizlanishini talab qilmoqda

Netanyahuning asosiy talabi HAMASning barcha turdagi qurollarini topshirishi bilan bog‘liq. Isroil bosh vaziri og‘ir va yengil qurollarni ham qamrab oladigan to‘liq qurolsizlanish amalga oshmaguncha qo‘shinlarni olib chiqishga rozi emasligini bildirdi.

Bu masala AQSh taklif qilayotgan rejaning amalga oshirilish tartibi bo‘yicha asosiy kelishmovchiliklardan biriga aylangan. Iyul oxiridayoq Isroil tomoni HAMAS amalda qurolsizlanmaguncha Isroil mudofaa kuchlari hozirgi pozitsiyalaridan chekinmasligini bildirgan edi.

Netanyahu AQSh bilan ayrim masalalarda fikrlar mos kelmasligiga qaramay, Tramp bilan yaqin aloqalar saqlanayotganini ham ta’kidladi.

Trampning 15 bandli rejasi nimani nazarda tutadi

Donald Tramp iyul oxirida G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan yangi kelishuv bo‘yicha siljish bo‘lganini e’lon qilgan edi. Reja HAMAS va boshqa qurolli guruhlarning qurolsizlanishi hamda Isroil kuchlarining G‘azodan bosqichma-bosqich chiqishini nazarda tutadi.

Rejaga ko‘ra, HAMAS qurollarni topshirishi jarayoni bilan bir vaqtda Isroil qo‘shinlarini olib chiqish boshlanishi kerak. Keyinchalik G‘azoda xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro barqarorlashtirish kuchlari va yangi Falastin politsiyasi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Biroq tomonlar jarayonning qaysi qismi birinchi bo‘lib bajarilishi kerakligi yuzasidan turlicha pozitsiyada qolmoqda.

HAMAS Isroildan avval majburiyatlarni bajarishni talab qilmoqda

HAMAS vakillari qurollarni yangi Falastin texnokratik ma’muriyati nazoratiga topshirish imkoniyatini bildirgan, biroq buning uchun Isroil avval o‘z majburiyatlarini bajarishi kerakligini ta’kidlamoqda. Guruh Isroildan hujumlarni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish va G‘azoga yordam yetkazib berishni kengaytirishni talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Zohran Mamdani Netanyaxuni hibsga olish vakolati yo‘qligini aytgani haqida yozgan edi.