Yangiliklar

Pokiston O‘zbekistonga Best Western mehmonxona brendini olib kirmoqchi

Kompaniya delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi
Pokiston O‘zbekistonga Best Western mehmonxona brendini olib kirmoqchi
Foto: Travel Weekly

Pokistonning Khan International Investment Consortium kompaniyasi O‘zbekistonda mehmonxona biznesi, ko‘chmas mulk va turar joy majmualari yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, kompaniya AQShning Best Western xalqaro mehmonxona brendini O‘zbekiston bozoriga olib kirish niyatida.

Elchi kompaniya rahbari bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Khan International Investment Consortium bosh direktori Habib Xan bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va mamlakatning turizm salohiyati muhokama qilindi.

Best Western brendi O‘zbekistonga kirishi mumkin

Habib Xanning aytishicha, kompaniya Pokiston va AQShda mehmonxonalarni boshqarish hamda ularga xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritadi.

U kompaniya O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalar bilan hamkorlik qilishni va Best Western xalqaro mehmonxona brendini mamlakat bozoriga olib kirishni rejalashtirayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu brendning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi bo‘yicha tegishli rozilik olingan.

Toshkent viloyati va Zomindagi loyihalar muhokama qilindi

Uchrashuvda Toshkent viloyatida mehmonxona biznesini rivojlantirish, ko‘chmas mulk va zamonaviy turar joy majmualarini barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, «O‘zvinosanoatxolding» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Zomin tumanida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kompaniya delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

Tomonlar istiqbolli loyihalarni o‘rganish va ularni amaliy bosqichga olib chiqish uchun Khan International Investment Consortium delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib oldi.

Hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Konsorsium 24 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi

Khan International Investment Consortium oilaviy biznes tuzilmasi hisoblanadi. Kompaniya ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, elektr transport vositalari ishlab chiqarish, energetika va qurilish sohalarida faoliyat yuritadi.

Konsorsium AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy va Pokistonda turli biznes loyihalarini amalga oshirgan hamda 24 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bo‘stonliqda $130 millionlik «Beldersoy Resort and Spa» majmuasi ochilgani haqida xabar berilgandi. Majmua tarkibida 109 ta mehmonxona xonasi, 40 ta premium toifadagi kottej, kanat yo‘llari, 3,5 kilometr uzunlikdagi tog‘ chang‘isi trassasi, sog‘lomlashtirish majmuasi, yopiq SPA markazi, trenajyor zali hamda zamonaviy restoranlar mavjud.