Yangiliklar

Qozog‘iston o‘zbekistonlik blogerni xalqaro qidiruvga berdi

U 2000-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan
Qozog‘iston o‘zbekistonlik blogerni xalqaro qidiruvga berdi
Foto: Gov.kz

Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi Maxa.dxb nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik bloger Mahmud Hikmatovni xalqaro qidiruvga berdi. U noqonuniy internet-kazinolarni reklama qilish bilan bog‘liq ish doirasida gumon qilinmoqda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Hikmatov 2000-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan. Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan. Uning qayerdaligi haqida ma’lumot bergan shaxsga mukofot va anonimlik kafolatlanishi ma’lum qilingan.

35 dan ortiq bloger jalb qilingani aytilmoqda

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda noqonuniy qimor o‘yinlarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli sxema faoliyat yuritgan.

Sxema doirasida qimor o‘yinlari uchun maxsus interfeyslar yaratilgan, to‘lovlar ekvayring, mobil pul o‘tkazmalari hamda kriptovalyuta orqali qabul qilingan. Yangi foydalanuvchilarni jalb qilish uchun esa ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalardan foydalanilgan.

Moliyaviy monitoring agentligi versiyasiga ko‘ra, Mahmud Hikmatov internet-kazinolarni reklama qilish uchun qozog‘istonlik blogerlarni jalb etish bilan shug‘ullangan.

U blogerlardan reklama narxini belgilash maqsadida ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriya statistikasi, jumladan, obunachilarning demografik tarkibi, geografiyasi va qamrovi haqidagi ma’lumotlarni so‘ragan. Tergov organlari Hikmatov jami 35 dan ortiq blogerni ushbu faoliyatga jalb qilganini bildirmoqda.

Blogerlarga referal havolalar orqali haq to‘langan

Ish bo‘yicha boshqa gumonlanuvchilardan biri Qamza Q. ismli bloger ekani ma’lum qilingan. Tergovga ko‘ra, u o‘z auditoriyasidan foydalanib, internet-kazinolarga olib boruvchi referal havolalarni joylashtirgan va foydalanuvchilarning ushbu havolalar orqali o‘tishi uchun mukofot olgan.

Qamza Q. 6-avgust kuni Vyetnamdan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilingan. Ayni paytda Mahmud Hikmatovni qidirish ishlari davom etmoqda. Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi uning joylashuvi haqida ma’lumotga ega fuqarolarni vakolatli organlarga murojaat qilishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘istonda bir kunda 55 ta o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.