
Qozog‘istonda 2–9-avgust kunlari 47 ta o‘rmon yong‘ini qayd etildi. Mamlakat Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, barcha yong‘in o‘choqlari o‘z vaqtida nazoratga olinib, bartaraf etilgan.
26 ta yong‘in davlat o‘rmon fondi hududida yuz berdi
Qayd etilgan yong‘inlarning 21 tasi mahalliy ijro etuvchi organlar tasarrufidagi o‘rmon xo‘jaliklarida sodir bo‘lgan. Yana 26 ta yong‘in davlat o‘rmon fondiga qarashli yerlar hududida aniqlangan.
Yong‘in o‘choqlari davlat o‘rmon qo‘riqlash xizmati tomonidan yer usti patrullari vaqtida, «Kazavialesoohrana» aviatsiyasi orqali havodan kuzatuvlar olib borish jarayonida hamda o‘rmon yong‘inlarini erta aniqlash tizimlari yordamida aniqlangan.
Yong‘inlarni o‘chirishga aviatsiya ham jalb qilindi
Yong‘inlarni bartaraf etish ishlariga davlat o‘rmon qo‘riqlash xizmati xodimlari, maxsus texnika, aviatsiya hamda «Kazavialesoohrana»ning aviatsion yong‘in o‘chirish desantchilari jalb etilgan.
Vazirlikning qayd etishicha, tezkor choralar tufayli yong‘inlarning kengayishiga yo‘l qo‘yilmagan va barcha o‘choqlar qisqa muddatda lokalizatsiya qilinib, to‘liq o‘chirilgan.
Aholi ehtiyotkorlikka chaqirildi
Qozog‘iston rasmiylari aholiga tabiat qo‘ynida dam olish vaqtida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini eslatdi.
Fuqarolardan o‘rmon va dala hududlarida yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘istonda bir kunda 55 ta o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.