Yangiliklar

Starlink sun’iy yo‘ldoshlari soni 100 mingdan oshishi mumkin — Ilon Mask

Bu raqamga Direct-to-Cell qurilmalari ham kiradi
Starlink
Foto: notebookcheck-ru.com

SpaceX rahbari Ilon Mask kelajakda Starlink sun’iy yo‘ldoshlar guruhi 100 mingdan ortiq apparatni o‘z ichiga olishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Bu raqamga smartfonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga ulash imkonini beruvchi Direct-to-Cell qurilmalari ham kiradi.

Hozirgi guruhdan 10 barobar ko‘p

Taqqoslash uchun, joriy yil bahorida Yer orbitasida Starlink’ning taxminan 10 mingta sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan. Yangi reja amalga oshsa, tarmoqdagi qurilmalar soni qariyb 10 baravarga ko‘payadi.

Investor Soyer Merrittning fikricha, Starlink V3 sun’iy yo‘ldoshlariga o‘tish va guruhni 100 mingtagacha kengaytirish tarmoqning umumiy ma’lumot uzatish imkoniyatini taxminan 100 barobarga oshirishi mumkin.

Yangi avlod 50 barobar kuchliroq bo‘ladi

Ilon Mask kelajakdagi Starlink sun’iy yo‘ldoshlari hozirgi V2 avlodiga nisbatan 50 barobardan ko‘proq yuqori o‘tkazuvchanlikni ta’minlashi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, V3 avlodidagi bitta sun’iy yo‘ldosh V2 bilan solishtirganda ma’lumot uzatish tezligi bo‘yicha taxminan 10 baravar samaraliroq bo‘lishi kutilmoqda.

Starship’ga bog‘liq

Starlink tarmog‘ini bunday miqyosda kengaytirish SpaceX’ning Starship raketa tizimining imkoniyatlariga bevosita bog‘liq. Sun’iy yo‘ldoshlar sonining keskin oshirilishi ularni orbitaga katta hajmda olib chiqishni talab qiladi.

Avvalroq Mask kelajakda global IP-trafikning 90 foizdan ortig‘i Starlink hissasiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini bildirgan edi. Uning fikricha, raqobatchi sun’iy yo‘ldosh tarmoqlari o‘z imkoniyatlarini 10 barobarga oshirgan taqdirda ham Starlink katta ustunlikni saqlab qolishi mumkin.

Avvalroq Kurrsiv Uzbekistan SpaceX raketasi katta tezlik bilan Oyga urilgani haqida yozgandi.