
Bugun, 10-avgust kuni Rossiyaning Tatariston respublikasidagi Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan dron hujumida 13 kishi halok bo‘ldi, 39 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonning yetti fuqarosi ham bor. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Halok bo‘lganlar orasida yetti o‘zbekistonlik bor
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida O‘zbekistonning yetti fuqarosi – A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F. halok bo‘lgan. Konsulxona marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Konsulxona holatni nazoratga oldi
Hozirda voqea O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Hodisaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritish maqsadida mahalliy mas’ul idoralar va tergov organlari bilan aloqa o‘rnatilgan.
Halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlangach Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi bildirilgan.
Avvalroq Nijnekamskdagi ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga dronlar hujum qilgani xabar qilingandi. Rossiya tergov organlari dron hujumi yuzasidan terrorchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, zarba turarjoy sektori va sanoat obyektlariga berilgan. Hujum vaqtida obyektlarda harbiy harakatlarga aloqasi bo‘lmagan fuqarolar bo‘lgan.