
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozini tijorat kemalari uchun to‘liq ochgan taqdirda, Tehron bilan yangi yadroviy kelishuv tuzilmasa ham urush yakunlanganini e’lon qilishga tayyor. Bu haqda The Wall Street Journal AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.
So‘nggi haftalarda Oq uy muzokaralarda asosiy e’tiborni Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemalari qatnovini tiklashga qaratgan. Eronning yadroviy dasturini ham qamrab oladigan kengroq kelishuv bo‘yicha muzokaralar esa ancha murakkab kechmoqda.
Oq uy uchun Hormuz bo‘g‘ozi ustuvor masalaga aylandi
WSJ manbalariga ko‘ra, Tramp yuqori lavozimli maslahatchilariga Eron bilan yadroviy kelishuvsiz ham muzokaralarni yakunlash imkoniyatini muhokama qilgan. Buning uchun Tehron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochishi kerak.
AQSH avvalroq Erondan kemalarga hujumlarni to‘xtatishini, bo‘g‘ozdagi barcha yo‘laklarni hech qanday to‘lovlarsiz ochishini talab qilgan edi.
Ayni paytda Hormuzdagi vaziyat hali to‘liq barqarorlashgani yo‘q. Bo‘g‘oz qisman yopiq qolmoqda va bu global energiya bozoriga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Tramp Eron yadroviy dasturi jiddiy zarar ko‘rgan deb hisoblaydi
WSJ suhbatlashgan rasmiylarning aytishicha, Tramp Eron yadroviy dasturiga yetkazilgan zarar Tehronning uni o‘z prezidentlik muddati davomida to‘liq tiklashiga imkon bermaydi, deb hisoblamoqda.
Vashington, shuningdek, AQSH razvedkasi Eronning vayron qilingan obyektlarni qayta tiklash yoki yashirin ravishda yadroviy qurol yaratishga urinishlarini aniqlay olishiga umid qilmoqda.
Oq uyda yangi harbiy zarbalar ehtimolining o‘zi ham Tehronni tiyib turuvchi omil bo‘lishi mumkin, degan qarash mavjud. Shu sabab AQSH ma’muriyati hozir asosiy harbiy vazifalar bajarilgan, deb hisoblab, energiya resurslarining Hormuz orqali barqaror tashilishini ta’minlashga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Eron AQSH oldiga yangi talablar qo‘ydi
Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun qo‘shimcha siyosiy va iqtisodiy shartlarni ilgari surmoqda.
Eron tomoni AQSHdan sanksiyalarni bekor qilish, harbiy bosimni to‘xtatish va urush davomida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqda. Reuters 9-avgust kuni Eron va Ummon o‘rtasida bo‘g‘oz masalasidagi kelishuv yakuniy bosqichga yaqinlashganini, biroq Tehron bo‘g‘ozni ochish uchun AQSHdan qo‘shimcha qadamlar kutayotganini xabar qildi.
Avvalroq Tehron sanksiyalarni yumshatish va AQSH hamda uning ittifoqchilarining harbiy harakatlarini to‘xtatishni ham shart sifatida ko‘rsatgan edi. Bu talablar Tramp ma’muriyatining qarama-qarshilikni tezda yakunlash rejasini murakkablashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp AQSh fuqaroligini tug‘ilish orqali olishga cheklovlar kiritgani haqida yozgan edi.