
Xitoy sharqiga kuchli Dolphin dovuli (tayfun) yopirilishi ortidan 1 mln dan ortiq aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Tabiiy ofat Shanxay va Chjetszyan provinsiyasida transport qatnovini izdan chiqardi, yuzlab reyslar bekor qilindi. Meteorologiya xizmatlari tayfun quruqlikka chiqqan paytda shamol tezligi soatiga 150 kilometrgacha yetganini ma’lum qildi.
Tayfun ikki marta quruqlikka chiqdi
Dolphin tayfuni yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:30 atrofida Chjetszyan provinsiyasidagi Yuxuan hududiga yopirildi.
Taxminan bir soat o‘tib, tayfun Venchjou shahrida ikkinchi bor quruqlikka chiqdi. Kuchli shamol va yog‘ingarchilik sabab mintaqaning ayrim hududlarida favqulodda choralar ko‘rildi.
Xitoy hukumati avvalroq Dolphin bo‘yicha eng yuqori darajadagi — qizil ogohlantirish e’lon qilgan edi. Dushanba tongiga kelib esa tayfun kuchsizlanib, tropik bo‘ron darajasiga tushdi.
Shanxayda 1,4 ming aviareys bekor qilindi
Tayfun sharqiy Xitoyda transport tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Faqat Shanxayning o‘zida 1,4 mingga yaqin aviareys bekor qilindi. Mahalliy hokimiyat aholini zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi. Ayrim sayyohlik maskanlari ham vaqtincha yopildi.
Jumladan, Disneyland va Legoland majmualarining ayrim qismlari, shuningdek, Shanxaydagi Bund hududining bir nechta tomosha maydonchalari faoliyatini to‘xtatgan.
Kuchli yomg‘ir va suv toshqini xavfi saqlanib qolmoqda
Tayfun kuchsizlanganiga qaramay, uning ta’siri hali yakunlangani yo‘q. Bo‘ron mamlakat ichkarisiga qarab harakatlanishda davom etmoqda. Rasmiylar chorshanbagacha kuchli yog‘ingarchilik, suv toshqini va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Dushanba kuni Shandun, Xenan, Xubey, Anxoy, Jiangsu va Chjetszyan provinsiyalari hamda Shanxay shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilingan. Hozircha tabiiy ofat oqibatida qurbonlar yoki jarohatlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet brendi Xitoy bozoridan chiqayotgani haqida yozgan edi.