Yangiliklar

Xomanaiy uzoq vaqtdan keyin «katta sahnaga» qaytdi

U besh oydan beri ko'rinish bermayotgan edi.
Foto: ekran tasviri

Eron davlat agentligi – Mehr mamlakat oliy rahbari Mojtaba Xomanaiyning mart oyidan beri ommaga ko‘rsatilmagan ilk videosini e’lon qildi.

Kadrlar qachon tasvirga olingani ma’lum qilinmagan.

Mojtaba xalq bilan birga

Qisqa videoda Mojtaba Xomanaiy bir necha kishi qurshovida o‘tirgani aks etgan. Uning aynan qachon tasvirga olingani yoki video qanday sharoitda suratga tushirilgani ochiqlanmagan.

U mart oyida otasi Ali Xomanaiy vafot etganidan so‘ng Eronning yangi oliy rahbari etib tayinlangan. Ali Xomanaiy 28-fevral kuni AQSh va Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.

Bir necha oy davomida jamoatchilikka ko‘rinmadi

Mojtaba Xomanaiy otasining o‘limiga sabab bo‘lgan zarbalar vaqtida jarohat olgani haqida xabarlar tarqalgan. Shundan keyin u ommaviy tadbirlarda deyarli ko‘rinmagan.

Uning uzoq vaqt jamoatchilikka ko‘rinmagani sog‘lig‘i va qayerda ekani haqida turli taxminlarga sabab bo‘lgan. Ayrim xabarlarda AQSh va Isroil razvedka xizmatlari uning holati va joylashuvini aniqlashga urinayotgani aytilgan.

Eron pozitsiyasi

Eron rasmiylari avvalroq Mojtaba Xomanaiyning jarohatlari deyarli bitgani va uning sog‘lig‘iga jiddiy xavf yo‘qligini bildirgan.

Shu bilan birga, uning uzoq vaqt omma oldida ko‘rinmagani haqidagi savollar saqlanib qolgan. 9-avgust kuni Eronning Basij tashkiloti rasmiysi ham Xomanaiyning jamoatchilik orasida va harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashuvlaridagi kadrlar e’lon qilinishini ma’lum qilgan edi.

Yangi video uning mart oyidan buyon ommaga namoyish etilgan ilk tasvirlaridan biri bo‘ldi.

Avvalroq AQSh, Eron va Omon Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini tiklash bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.