Yangiliklar

Bashar Asad o‘lim jazosiga hukm qilindi

Bashar Asad bilan birga ukasi Maher Asad va amakivachchasi Atef Najib ham o'lim jazosiga hukm qilingan
Foto: Middleeasteye.net

Suriya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Bashar Asadni insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarda aybdor deb topib, sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi. Xuddi shu ish doirasida uning ukasi Maher Asad va amakivachchasi Atef Najib ham o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda SANA xabar berdi.

Sud qarori 11-avgust kuni e’lon qilingan. Bashar Asad va uning ukasi Maher sud majlisida ishtirok etmagan. Atef Najib esa sud zalida bo‘lgan va hukm e’lon qilinayotganda mahkumlar uchun ajratilgan maxsus joyda turgan.

Jinoyatlar 2011-yildagi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq

Sud Najibni 2011-yilda Suriyaning janubidagi Daraa viloyatida namoyishlarni bostirishga rahbarlik qilganlikda aybdor deb topgan. Mazkur voqealar mamlakatdagi qo‘zg‘olonga, keyinchalik esa 14 yil davom etgan fuqarolar urushiga olib kelgan.

Suriya fuqarolar urushi davomida qariyb 500 ming kishi halok bo‘lgan, millionlab odamlar esa o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Najib o‘sha vaqtda Suriya armiyasida brigada generali bo‘lgan va Asad hukmronligi davrida Daraa viloyatidagi Siyosiy xavfsizlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Asad Rossiyaga qochgan

Bashar Asad va uning ukasi Maher 2024-yil dekabrida muxolifat kuchlari Damashqqa kirganidan so‘ng Suriyani tark etib, Rossiyaga qochgan. Bu voqea Asadlar sulolasining mamlakatdagi qariyb 50 yillik hukmronligiga yakun yasagan.

Muxolifat kuchlari tarkibiga kirgan guruhlar keyinchalik mamlakatning muvaqqat prezidenti bo‘lgan Ahmad ash-Shara boshchiligida harakat qilgan.

Atef Najib esa keyinchalik qo‘lga olingan va Asad hukmronligi davridagi yuqori martabali amaldorlar orasida sud oldida javob bergan ilk shaxslardan biriga aylangan.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara o‘rtasida ikki yarim soat davom etgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlik hamda Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilingandi.