
O‘zbekistonda shaharsozlik sohasidagi nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda. Qonunchilik palatasi bugun, 11-avgust kuni shaharsozlik sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Loyiha Shaharsozlik kodeksi hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Noqonuniy qurilish uchun jarima oshiriladi
Qonun loyihasida shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda.
Jumladan, quyidagi holatlar uchun javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan:
- bosh reja, master-reja yoki loyiha hujjatlari talablarini buzgan holda qurilish-montaj ishlarini olib borish;
- loyiha hujjatlarisiz qurilish;
- yer uchastkasining funksional maqsadiga mos kelmaydigan obyekt qurish;
- vakolatli organni xabardor qilmasdan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash.
Bunday holatlar aniqlanganda jarimalar buyurtmachi, pudratchi va subpudratchi bo‘lgan yuridik shaxslarga qo‘llanadi.
Jarima to‘lanishi noqonuniy qurilish uchun boshqa javobgarlik choralaridan ozod qilmaydi.
Har bir kvadrat metr uchun 5 BHM
Deputat Nozimbek Rustambekovning ma’lum qilishicha, qoidabuzarlik aniqlangan paytda qurilgan obyektning har bir kvadrat metri uchun 5 BHM miqdorida jarima belgilanishi mumkin.
Hozirgi hisobda bu 2,06 mln so‘mni tashkil etadi. 1-sentabrdan boshlab esa jarima miqdori 2,2 mln so‘mga yetadi.
Masalan, noqonuniy qurilishning 100 kvadrat metri aniqlansa, faqat ushbu norma bo‘yicha jarima miqdori 206 mln so‘mni tashkil qilishi mumkin.
Ikki yilda 4 mingga yaqin obyekt qurilishi to‘xtatilgan
Deputat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda shaharsozlik sohasida 8 mingdan ortiq, 2024-yilda esa qariyb 9 mingta qoidabuzarlik aniqlangan.
Ikki yil davomida ishlarning sifatsiz olib borilgani sababli qariyb 4 mingta obyekt qurilishi to‘xtatilgan.
2025-yilda esa qurilish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun 2653 ta ma’muriy jarima qo‘llangan. Qurilish me’yorlariga rioya qilinmagan holda barpo etilgan qariyb 2350 ta obyekt buzib tashlangan.
Qonun loyihasi 88 ta ovoz bilan qabul qilindi
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda 88 ta ovoz bilan ma’qullangan. 15 nafar deputat qarshi ovoz bergan, 7 nafari betaraf qolgan, 8 nafari ovoz berishda ishtirok etmagan.
Hujjat, shuningdek, urbanizatsiya sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, uning asosiy tamoyillarini belgilash hamda shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha vakolatlarni aniq belgilashni nazarda tutadi.