Sport

Husanov «Manchester Siti» safiga qachon qaytadi

Husanov bobosining vafoti munosabati bilan O'zbekistonga qaytgan.
Foto: Mancity.com

O’zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning mavsumoldi Osiyo turini muddatidan avval tark etib, O‘zbekistonga qaytgandi. Futbolchiga jamoani shaxsiy sabab tufayli tark etishga ruxsat berilgani ma’lum qilingan. Manchester Evening News xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachining tez orada jamoa mashg‘ulotlariga qaytishi kutilmoqda.

Husanov qachon qaytishi mumkin?

«Manchester Siti» mavsumoldi turini yakunlab, Angliyaga qaytadi. Jamoaning yangi mavsumdagi dastlabki rasmiy uchrashuvi esa 16-avgust kuni «Arsenal»ga qarshi Angliya Superkubogi – Community Shield doirasida bo‘lib o‘tadi.

Community Shield’da odatda Angliya chempionati – Premier League g‘olibi va Angliya kubogi – FA Cup sohibi o‘zaro bahs olib boradi.

Husanov «Arsenal»ga qarshi o‘ynaydimi?

Husanovning 16-avgust kuni «Arsenal»ga qarshi Community Shield uchrashuvida maydonga tushishi ham hozircha noma’lum.

Agar futbolchi yaqin kunlarda Manchesterga qaytib, jamoaviy mashg‘ulotlarni boshlasa, uning uchrashuv qaydnomasiga kiritilish ehtimoli bor. Shu bilan birga, Husanov mavsumoldi tayyorgarligining bir qismini o‘tkazib yuborgani sababli murabbiylar shtabi uni ehtiyotkorlik bilan maydonga tushirishi mumkin.

Hozircha tasdiqlangan ma’lumotga ko‘ra, Husanov bobosining vafoti munosabati bilan «Manchester Sity»ning Osiyo turini muddatidan avval tark etgan. 

Avvalroq Husanov «Manchester Siti»ning Osiyo turnesidagi so‘nggi uchrashuvida ishtirok etmagandi. Angliya klubi Ispaniyaning «Atletiko» jamoasiga qarshi bahs olib borgan va 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.