
Apple’ning bo‘lajak iPhone 18 Pro Max smartfoni 5 391 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanishi mumkin. Qurilma batareyasiga tegishli deb aytilayotgan suratlar e’lon qilindi.
Tasvirlarda Apple logotipi, xizmat belgilari va akkumulyatorning texnik ko‘rsatkichlari ko‘rinadi. Unda nominal sig‘im 5391 mA/soat etib qayd etilgan. Ushbu raqam avvalroq tarqalgan ma’lumotlar bilan ham mos keladi.
Batareya sig‘imi 5000 mA/soatdan oshadi
Avvalgi ma’lumotlarda iPhone 18 Pro Max’ning barcha asosiy versiyalarida akkumulyator sig‘imi ilk bor 5000 mA/soatdan oshishi aytilgan edi.

Iyul oyida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, global bozordagi nano-SIM versiyasi 5235 mA/soatli, AQSh uchun mo‘ljallangan eSIM modeli esa 5425 mA/soatli batareyaga ega bo‘lishi mumkin.
Xitoy bozori uchun sertifikatlangan versiyada esa 5391 mA/soat ko‘rsatkichi qayd etilgan. Yeux1122 e’lon qilgan yangi suratlar aynan shu qiymatni ko‘rsatmoqda.
Quvvatlash tezligida katta o‘zgarish kutilmayapti
Batareya sig‘imi oshishiga qaramay, iPhone 18 Pro Max’da simli quvvatlash tezligi keskin oshishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Amaldagi iPhone 17 oilasi rasmiy ravishda 40 Vtgacha simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq real foydalanish sharoitida qurilmalar ko‘pincha 27-28 Vt atrofidagi quvvatni qabul qiladi.
Bu borada ayrim Android flagmanlari 100 Vt va undan yuqori quvvatlash texnologiyalarini taklif qilayotgan bir paytda Apple ancha ehtiyotkor yondashuvni saqlab kelmoqda.
iPhone 18 Pro Max avtonomligi yaxshilanishi mumkin
Agar 5391 mA·soatli batareya haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu iPhone Pro Max qatoridagi eng katta akkumulyatorlardan biri bo‘lishi mumkin.
Kattaroq batareya yangi protsessorning energiya samaradorligi va iOS optimallashtirishlari bilan birga smartfonning bir quvvatlashda ishlash vaqtini oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 17 qimmatlashishi mumkinligi haqida yozgan edi.