Yangiliklar

Buxoroda to‘xtab qolgan loyiha va boshqa savollar: Nazarbekovga parlament so‘rovi yuborildi

Deputatlar san'at va musiqa maktablaridagi ko'plab kamchiliklarni aniqlagan
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

O‘zbekistondagi musiqa va san’at ta’limi muassasalarida saqlanib qolayotgan tizimli muammolar yuzasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi. 

Deputatlar hududlardagi o‘rganishlar va ta’lim muassasalaridan kelib tushgan ma’lumotlarni tahlil qilib, qator san’at maktablari binolari kapital ta’mirga muhtojligi, ayrim muassasalarda o‘quvchilar soni loyiha quvvatidan oshib ketgani va malakali pedagoglar yetishmasligini aniqlagan.

Qaysi muammolar aniqlangan?

Termiz, Farg‘ona, Urganch, Samarqand va Navoiy shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, Andijondagi Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi, Toshkentdagi R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabi hamda boshqa muassasalar binolari kapital ta’mirga muhtoj ekani aniqlangan.

Ayrim musiqa va san’at maktablarida o‘quvchilar soni binolarning loyiha quvvatidan yuqori bo‘lib, bu ta’lim uchun zarur sharoitlarni yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, ayrim mashg‘ulot xonalarining akustik holati talab darajasida emas. Maxsus sinfxonalar va konsert zallari yetishmaydi. Ayrim muassasalarda esa konsertmeysterlar va tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagoglar tanqisligi mavjud.

Buxorodagi 43 mlrd so‘mlik loyiha boshlanmagan

Buxoro shahrining Bunyodkor mahallasidan ixtisoslashtirilgan san’at maktabi qurilishi uchun 1 gektar yer maydoni ajratilgan. Qiymati 43 mlrd so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan bo‘lsa-da, mablag‘ ajratilmagani sababli qurilish ishlari boshlanmagan.

Bundan tashqari, Prezidentning 2020-yil 4-fevraldagi qarorida Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlarini tashkil etish belgilangan. Deputatlar mazkur vazifa ham to‘liq bajarilmaganini aniqlagan.

Vazirlikdan tushuntirish so‘raldi

Parlament so‘rovida san’at ta’limi muassasalarini zarur jihozlar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan ta’minlash, ta’lim sifati va kadrlar salohiyatini oshirish, pedagoglarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tushuntirish berish so‘ralgan.

Shuningdek, maktab-internatlarni tarbiyachilar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham asoslantirilgan ma’lumot berish talab etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda respublika bo‘ylab 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabi barpo etilgan.

Avvalroq Qonunchilik palatasi deputatlari aholiga notariat xizmatlarini sifatli va shaffof ko‘rsatish, shuningdek sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi yuzasidan Adliya vaziri Aziz Toshqulovga parlament so‘rovini yuborgandi