
O‘zbekistonda mobil aloqa orqali internet tarmog‘iga ulangan abonentlar soni so‘nggi o‘n yil ichida 4,3 barobar oshdi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda bunday abonentlar soni 33,3 mln.tani tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2015-yilda ushbu ko‘rsatkich 7,8 mln.tani tashkil etgan edi. Shunday qilib, o‘n yil ichida mobil internet abonentlari soni 25,5 mln.taga ko‘paygan.
Abonentlar soni 2021-yilda 20 mln.dan oshdi
Statistik ma’lumotlar mobil internetdan foydalanish ko‘lami yil sayin kengayib borganini ko‘rsatadi. 2016-yilda abonentlar soni 9 mln.tani tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda 10,3 mln, 2018-yilda esa 12,7 mln.taga yetgan.
2019-yilda ko‘rsatkich 15,7 mln, 2020-yilda 17,9 mln.tani tashkil etdi. 2021-yilga kelib mobil internet abonentlari soni ilk bor 20 mln.lik chegaradan oshib, 21 mln.taga yetdi.
Keyingi yillarda ham o‘sish davom etdi. 2022-yilda abonentlar soni 24 mln, 2023-yilda 27,1 mln va 2024-yilda 29,2 mln.tani tashkil qilgan.
Bir yilda 4,1 mln abonent qo‘shildi
2025-yil yakunlariga kelib mobil internet abonentlari soni 33,3 mln.taga yetdi. Bu 2024-yildagi 29,2 mln ko‘rsatkichdan 4,1 mln.taga yoki qariyb 14 foizga ko‘p.
Shu tariqa, 2015 – 2025-yillar davomida mobil internet abonentlari soni 7,8 mln.dan 33,3 mln.tagacha oshgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 373 ming 389 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgani haqida yozgan edi.