Yangiliklar

Nvidia SI infratuzilmasi uchun 500 mlrd dollar jalb qilmoqchi

Kompaniya olti institutsional investor bilan AI hisoblash infratuzilmasini moliyalashtirish platformalarini yaratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi
Nvidia SI infratuzilmasi uchun 500 mlrd dollar jalb qilmoqchi
Foto: Shutterstock

Nvidia dunyoning yirik moliyaviy kompaniyalari bilan sun’iy intellekt infratuzilmasini moliyalashtirish uchun hamkorlik boshladi. Kompaniya Apollo, BlackRock, Blackstone, Brookfield, Goldman Sachs va KKR bilan birgalikda $500 mlrd dan ortiq uchinchi tomon kapitalini jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Olti yirik moliya kompaniyasi hamkorlikka qo‘shildi

Nvidia olti institutsional investor bilan AI hisoblash infratuzilmasini moliyalashtirish platformalarini yaratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mexanizm Nvidia mijozlari uchun katta hajmdagi kapitalni nisbatan jozibador shartlarda jalb qilish imkonini berishi kerak.

Biroq hozircha kelishuvlarning moliyaviy shartlari, har bir investor qancha mablag‘ ajratishi hamda rejalashtirilgan $500 mlrd qaysi muddatda jalb qilinishi ochiqlanmagan.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Nvidia bundan tashqari AQShning Ogayo shtatida qurilishi rejalashtirilgan 10 GVt quvvatli ma’lumotlar markazi loyihasiga yirik kafolat taqdim etish masalasini ham muhokama qilgan. Ushbu markazdan OpenAI foydalanishi kutilmoqda.

Nvidia mijozlariga hisoblash quvvatlarini kengaytirishda yordam beradi

Nvidia bosh direktori Jensen Huangning ta’kidlashicha, yangi moliyalashtirish platformalari mijozlarga taqchil hisoblash quvvatlaridan kengroq foydalanish va sun’iy intellekt uchun yirik infratuzilma obyektlarini qurish imkonini beradi.

Bunday loyihalar AI modellarini ishlab chiquvchi kompaniyalar, bulutli xizmat provayderlari, hukumatlar va yirik korporatsiyalar uchun mo‘ljallangan.

Moliyaviy kompaniyalar uchun esa bu uzoq muddatli investitsiya imkoniyatlarini yaratadi. Bunda daromad hisoblash markazlari va boshqa AI infratuzilmasidan foydalanishga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

BlackRock bosh direktori Larri Fink kelajakdagi bitimlar yuqori kredit sifatiga ega bo‘lishi va investorlarga aksiyalar bozoridan tashqari qarz vositalari orqali ham daromad olish imkonini berishini ta’kidladi.

Goldman Sachs rahbari Devid Solomon esa AI infratuzilmasining qurilishi juda katta kapital talab qilayotganini va moliya bozorlari bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli mablag‘ga ega ekanini bildirdi.

Nvidia aksiyalari xabar ortidan 2,9% tushdi

Financial Times Nvidia va moliyaviy kompaniyalar tashabbusi haqida xabar berganidan so‘ng 10-avgust kungi savdolarda chip ishlab chiqaruvchining aksiyalari 2,9 foizga arzonlashdi.

Natijada Nvidia’ning bozor kapitallashuvi bir kun ichida $140 mlrd.dan ortiqqa qisqardi.

Shunga qaramay, kompaniya sun’iy intellekt bumining asosiy benefisiarlaridan biri bo‘lib qolmoqda. OpenAI 2022-yil oxirida ChatGPT’ni taqdim etganidan buyon Nvidia’ning bozor qiymati qariyb 15 baravar oshgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Meta Platforms dasturlash uchun AI-agentlar bozoriga kirgani haqida yozgan edi.