
O‘zbekiston fuqarolari uchun Slovakiyaga kara, ya’ni yuk ortuvchi texnika haydovchisi sifatida ishlash imkoniyati taklif qilinmoqda. Dastur doirasida jami 80 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud, deya ma’lum qildi Migratsiya agentligi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ishchilarga oyiga qo‘lga tegadigan 1 000 yevro miqdorida maosh taklif etiladi. Ish haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soatdan tashkil etiladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan
Vakansiyalarga 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin. Nomzod «B» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, kara haydash bo‘yicha kamida olti oylik ish tajribasiga ega bo‘lishi hamda rus tilida muloqot qila olishi talab etiladi.
Turarjoy xarajatlarini ish beruvchi qoplaydi
Ish beruvchi Slovakiyada xodimlarning turarjoy bilan bog‘liq xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirish ham ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi.
Shu tariqa ishchi oylik maoshidan turarjoy uchun alohida to‘lov qilmaydi.
Viza va aviachipta xarajatlari qaytarib beriladi
Ishchi vizasini rasmiylashtirish hamda Slovakiyaga aviachipta sotib olish xarajatlari dastlab nomzodning o‘z hisobidan qoplanadi.
Biroq nomzod Slovakiyada ishga joylashgan taqdirda ushbu xarajatlar Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi. Dasturda qatnashishni istagan fuqarolar Migratsiya agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatdan o‘tish tartibi asosida ariza yuborishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonliklar Fransiyaga ishga yuborilishi haqida yozgan edi.