
Qirg‘izistonning Botken viloyatida firibgarlikda gumon qilingan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib 24.kg nashri xabar berdi.
Ular plastik rom tayyorlab berishni va’da qilib, mijozlardan pul olgan, biroq buyurtmani bajarmaganlikda gumon qilinmoqda.
Qadamjoy tumani huquq-tartibot idoralari uch yilga yaqin vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan ikki erkakning manzilini aniqladi. Ular aka-uka bo‘lib, O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida yashagan.
Buyurtmani bajarmagan
Ish 2021-yilda Oq Turpoq qishlog‘ida yashovchi fuqarolarning murojaatidan so‘ng boshlangan. Ularning aytishicha, aka-ukalar plastik rom tayyorlab berishni va’da qilgan va buning uchun oldindan pul olgan. Biroq kelishilgan ish bajarilmagan.
Tergov natijasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 122 ming qirg‘iz somi, ya’ni taxminan $1,3 ming ekani aniqlangan.
Uch yil davomida qidirilgan
Mazkur holat yuzasidan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Gumonlanuvchilar 2023-yilda xalqaro qidiruvga berilgan.
Qadamjoy tumani IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ularning joylashuvi aniqlangan. 1989 va 1991-yillarda tug‘ilgan aka-ukalar Qadamjoy tumanida qo‘lga olinib, IIBga olib kelingan.
Hozirda ish bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri «Jora Tashkentskiy» Misrda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida yozgandi.