
Rossiyaning Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahrida dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya halok bo‘lgan fuqarolarni maxsus aviareys orqali O‘zbekistonga olib kelish va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Hukumat komissiyasi tuzildi
Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, bosh vazir o‘rinbosari O. Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.
Komissiyaga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar olish, ularga zarur yordam ko‘rsatish va halok bo‘lganlarning oilalariga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.
Halok bo‘lganlar maxsus reys bilan olib kelinadi
Farmoyishga ko‘ra, halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari havo transportida maxsus reys orqali vatanga olib kelinadi.
Shuningdek, ularning jasadlarini tegishli manzillarga yetkazish va oila a’zolariga har tomonlama yordam ko‘rsatish choralari ko‘riladi.
Maxsus ishchi guruh Rossiyaga yuborildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Rossiyaga yuborildi.
Ular hodisa joyida zarur choralarni ko‘rmoqda va rossiyalik mutasaddilar bilan hamkorlikda ishlamoqda.
8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan
2026-yil 10-avgust kuni tongda Nijnekamsk shahridagi bir qator obyektlarga dronlar orqali hujum sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida Nijnekamskdagi qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bir nechta vatandoshimiz turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov Nijnekamsk shahridagi bir qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi.
Konsulxona va Migratsiya agentligi vakillari hodisa joyida
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari hodisa joyiga yetib borgan.
Ular rossiyalik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, jabrlanganlar va halok bo‘lgan fuqarolar bilan bog‘liq masalalarni hal etmoqda.
Ma’lumot olish uchun telefon raqamlari
Jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida tezkor ma’lumot olish uchun Qozondagi Bosh konsulning +7 965 600 79 79 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi +7 925 750 87 57 va +7 925 127 00 02 raqamlari orqali murojaatlarni qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, hujum oqibatida jami 13 kishi vafot etgan, 75 kishi tibbiy yordam so‘ragan. Rossiya tergov organlari dron hujumi yuzasidan terrorchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.