
2026-yilning yanvar – iyul oylarida Soliq qo‘mitasi markaziy apparatiga elektron hujjat aylanish tizimi orqali jami 29 806 ta murojaat kelib tushdi. Ularning asosiy qismi elektron shaklda yuborilgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Murojaatlarning 24 611 tasi yoki 82,6 foizi elektron shaklda, 3 251 tasi yoki 10,9 foizi og‘zaki, yana 1 944 tasi yoki 6,5 foizi yozma tarzda kelib tushgan.
Murojaatlarning qariyb yarmi soliqlar bo‘yicha tushuntirishga oid
Fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan murojaatlarning 13 397 tasi soliqlarga oid tushuntirish berish masalalariga tegishli bo‘lgan.
Yana 368 ta murojaatda soliqlardan ozod qilish va imtiyozlar berish masalasi ko‘tarilgan. Soliq tizimi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan 176 ta, tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi qonunbuzarliklar bo‘yicha esa 16 ta murojaat kelib tushgan.
Qolgan 15 849 ta murojaat ma’lumot taqdim etish, ijtimoiy masalalar, minnatdorlik bildirish va boshqa masalalarni qamrab olgan.
28,3 mingdan ortiq murojaatlar hal etildi
Hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 28 311 tasi yoki 95 foizi ko‘rib chiqilib, hal etilgan.
Yana 1 325 ta murojaat belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmoqda. 82 ta murojaat tegishli tashkilotlarga yuborilgan, 43 ta holatda murojaatda keltirilgan ma’lumotlar o‘rganish jarayonida tasdig‘ini topmagan. 45 ta anonim murojaat esa ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan.
Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasining «Qayta aloqa» axborot tizimi orqali 45 284 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 45 234 tasiga javob berilgan, 50 tasi o‘rganish jarayonida.
Mazkur murojaatlarning 44 587 tasi Soliq.uz saytidagi «Bizga xabar yuboring» xizmati, 697 tasi esa Soliq mobil ilovasidagi «Xabar yuborish» xizmati orqali yo‘llangan.
Eng ko‘p murojaat Toshkent shahridan kelib tushgan
Hududlar kesimida murojaatlar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Poytaxtdan 10 732 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichning 36 foizini tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 2 701 ta yoki 9,1 foiz, Samarqand viloyati 2 450 ta yoki 8,2 foiz bilan qayd etilgan. Qashqadaryo viloyatidan 2 176 ta, Farg‘ona viloyatidan 1 826 ta, Andijon viloyatidan esa 1 589 ta murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatidan 1 469 ta, Surxondaryodan 1 232 ta, Navoiydan 1 180 ta, Namangandan 1 108 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 929 ta, Xorazmdan 891 ta, Jizzaxdan 853 ta va Sirdaryodan 625 ta murojaat kelib tushgan. Boshqa respublikalardan yuborilgan murojaatlar soni 45 tani tashkil etgan.
Avvalroq «Kursiv» oltita MChJ 42,5 mlrd so‘m soliqdan qochganlikda gumon qilinayotgani haqida yozgan edi.