
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida YPX xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ikki nafar xodimga tan jarohati yetkazgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Haydovchi YPX xodimlarini ko‘rib, qochishga uringan
2026-yil 9-avgust kuni Angor tumanida 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro T.U. Damas avtomashinasini boshqarib ketayotganda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlarini ko‘rgan.
Shundan so‘ng haydovchi harakat yo‘nalishini o‘zgartirib, qochishga uringan. YPX xodimlari avtomashinani kuzatib borgan.
Haydovchi Ilg‘or mahallasidagi yashash uyining yaqinida avtomashinadan tushib, qochishga harakat qilgan. Xodimlar uni to‘xtatganida, haydovchidan spirtli ichimlik hidi kelayotgani aniqlangan va uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib borishga urinishgan.
Ikki nafar YPX xodimiga tan jarohati yetkazilgan
Shu vaqt voqea joyiga haydovchining ukasi T.O., turmush o‘rtog‘i N.N., yana bir ukasi T.Z. va qo‘shnisi M.M. yetib kelgan.
Ular xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ikki nafar xodimga tan jarohati yetkazgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
YPX xodimlarining xabaridan so‘ng voqea joyiga Angor tumani prokuraturasi va IIB tezkor-tergov guruhi yetib kelib, holatni o‘rgangan.
Shu kunning o‘zida fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur modda hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan fuqaroga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq javobgarlikni nazarda tutadi.
YPX xodimlarining harakati ham tekshiriladi
Surxondaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan YPX xodimlarining harakatlari yuzasidan ham xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi tashkil etilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Toshkentda Gentra haydovchisi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining inspektorini avtomobil kapotida sudragani sababli hibsga olingani haqida xabar berilgandi.