Yangiliklar

Taqiq qo‘yilgan uyda mulkdor va yaqin qarindoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtiriladi

Bank, sud yoki MIB roziligi talab etilmaydi
Endi yangi manzilga kelgan fuqaro 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, uy-joyga taqiq yoki xatlov qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini ushbu manzilda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bank, sud yoki MIB roziligi talab etilmaydi.

Mulkdor o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi

Bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ayrim fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Bu esa farzandlarni maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammo tug‘dirishi mumkin.

Qonun loyihasi ushbu amaliy muammolarni kamaytirishga qaratilgan.

Bank, sud yoki MIB roziligi talab etilmaydi

Loyihaga ko‘ra, uy-joyga taqiq yoki xatlov qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini shu turar joyda ro‘yxatdan o‘tkazishda garovga olish, taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilishga vakolatli organlarning roziligi talab qilinmaydi.

Bunday organlar qatoriga bank, sud va Majburiy ijro byurosi kiradi. Bu tartib uy-joy mulkdori va uning oila a’zolariga o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi.

Kreditorlar manfaatlari ham hisobga olinadi

Loyihada garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun alohida mexanizm ham nazarda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxs oldindan yozma rozilik beradi. Agar garovga oluvchi yoki taqiq qo‘ygan vakolatli organ murojaat qilsa, ushbu shaxsning ro‘yxatdan o‘tkazilgani bekor qilinishi mumkin bo‘ladi.

Qarindoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ham yengillashadi

Qonun loyihasida oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga oid cheklovlarni bekor qilish taklif etilmoqda.

Ya’ni er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, aka-uka hamda opa-singillar bir-birining uyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi.

Talabalar uchun ham alohida tartib bo‘ladi

Loyihada talabalar turar joylarida yashayotgan talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bu oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zarurati haqida fikr bildirdi. Majlis yakunida hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi tasdiqlangandi. Unda yangi manzilga kelgan fuqarolarning 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi belgilandi.