
Poytaxtdagi tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish tizimi to‘liq quvvatda ishlamayapti. Ayrim tibbiyot muassasalarida xavfli chiqindilar maishiy chiqindilarga qo‘shib tashlangani ham aniqlangan. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Respublika maxsus komissiyasi Toshkentdagi tibbiyot chiqindilarini yig‘ish, olib chiqish va utilizatsiya qilish jarayonlarini o‘rgandi. Tekshiruvlarda ayrim muassasalar xavfli tibbiy chiqindilarni maishiy chiqindilar bilan aralashtirib yuborayotgani, shuningdek ularni poligonlar va buning uchun mo‘ljallanmagan joylarga tashlash holatlari qayd etildi.
Uskunalar 25 foiz quvvatda ishlamoqda
Tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchun AQShning Sayar LLC kompaniyasi ishtirokida Sayar green xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Loyiha qiymati $115 mlnni tashkil qiladi.
Toshkentda o‘rnatilgan ikkita utilizatsiya uskunasi bir sutkada jami 12 tonnagacha chiqindini qayta ishlash imkoniyatiga ega. Biroq ularga kuniga o‘rtacha 3 tonna chiqindi yetkazib berilmoqda. Shu sababli uskunalar o‘z quvvatining atigi 25 foizida ishlayapti.
Yarim yilda 3,2 ming kub metr chiqindi olib chiqilgan
2026-yilning dastlabki olti oyida poytaxtdagi tibbiyot muassasalaridan jami 3 239,05 kub metr tibbiy chiqindi olib chiqilgani aniqlangan.
Eng katta ko‘rsatkichlar:
- 16-sonli klinik shifoxona — 1 795,4 kub metr;
- 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi — 445,44 kub metr;
- Virusologiya ITI klinikasi — 382 kub metr.
Shuningdek, qator tibbiyot muassasalarida chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda amalga oshirilgani qayd etilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiyot chiqindilarining qariyb 15 foizi xavfli hisoblanadi. Bunday chiqindilarni noto‘g‘ri boshqarish yuqumli kasalliklar tarqalishi, zaharlanish va atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelishi mumkin.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Nazorat tadbirlari boshqa hududlarda ham davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xavfli chiqindilar bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqilgani haqida yozgandi.