
AQSh prezidenti Donald Tramp Erondan so‘nggi 50 yil davomida urushlar, hujumlar va norozilik namoyishlari oqibatida yetkazilgan zarar hamda insonlar o‘limi uchun tovon to‘lashni talab qildi. Bu talab Tehron bilan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha muzokaralarni yanada murakkablashtirishi mumkin.
Trampning talabi Eronning AQShdan kompensatsiya to‘lash, sanksiyalarni bekor qilish va harbiy tahdidlarni to‘xtatish haqidagi shartlariga javoban ilgari surildi. Tehron bu talablar bajarilmaguncha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochmasligini bildirmoqda.
Norozilik namoyishlarida qariyb 52 ming kishi o‘ldirgani da’vo qilindi
Trampning so‘zlariga ko‘ra, tovon AQSh harbiylari va boshqa mojarolarda halok bo‘lgan yoki og‘ir jarohatlangan shaxslar bilan bog‘liq zararlarni ham qamrab olishi kerak.
AQSH prezidenti Eron Livan, Suriya, Yaman va G‘azodagi o‘lim va vayronagarchiliklar uchun ham javobgar bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u Tehrondan Erondagi hukumatga qarshi namoyishlarda halok bo‘lganlarning oilalariga ham kompensatsiya to‘lashni talab qilmoqda.
Tramp Eron hukumati 2025-yil oxiri va 2026-yildagi norozilik namoyishlarida qariyb 52 ming kishini o‘ldirganini da’vo qildi. Reuters qayd etishicha, bu raqam mustaqil baholardan ancha yuqori: AQShda joylashgan Human Rights Activists News Agency fevral oyida qariyb 7 ming kishi, jumladan 6,5 ming namoyishchi halok bo‘lganini bildirgan.
USS Cole bo‘yicha ham tovon talab qilindi
Tramp 2000-yil oktabrda Yamanda AQShning USS Cole harbiy kemasiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘lgan 17 nafar dengizchi oilalariga ham Eron kompensatsiya to‘lashi kerakligini aytgan.
Eron Hormuzni ochish uchun o‘z shartlarini qo‘ymoqda
Tehron ayni paytda Ummon bilan Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan yangi dengiz yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvga yaqinlashganini bildirgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy muzokaralar konstruktiv kechayotganini va tomonlar kemalar harakatlanadigan yo‘nalish xaritasi bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qildi. Biroq ayrim texnik masalalar hal qilinmagan.
Shu bilan birga, Eron bo‘g‘oz to‘liq ochilishidan oldin AQShdan kompensatsiya, sanksiyalarni bekor qilish va harbiy tahdidlarni to‘xtatishni talab qilmoqda. AQSh esa Tehronga Hormuzdan o‘tuvchi kemalardan haq undirish imkonini beradigan kelishuvga rozi bo‘lmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Netanyahu Trampning G‘azo bo‘yicha rejasini rad etgani haqida yozgan edi.