
Xivada o‘tkazilgan «Qovun sayli» festivali doirasida jahon rekordi o‘rnatildi. 9-avgust kuni 259 kishi bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rib, ushbu natija Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi.
Rekord qanday o‘rnatildi
Rekord «Eng katta qovun degustatsiyasi» nominatsiyasida qayd etilgan. Jarayonni Ginnes rekordlar kitobining Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha rasmiy hakami Sheyda Subashi Gemiji kuzatib bordi.
Rekord o‘rnatilganini tasdiqlovchi rasmiy sertifikat ham taqdim etilgan.
Festivalga 186 ming sayyoh tashrif buyurdi
7–9-avgust kunlari Xivaning «Ichan qal’a» tarixiy majmuasi va «Arda Xiva» sayyohlik markazida tashkil etilgan festivalga jami 150 ming nafar mahalliy va 36 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Tadbir davomida konsertlar, ko‘rgazmalar, mahorat darslari va turli tanlovlar tashkil etildi. Festivalning yopilish marosimida rossiyalik xonanda MakSim ham ishtirok etdi.
Qovunning o‘nlab navlari namoyish etildi
Festivalda Xorazm viloyatining tumanlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar qovunning turli navlarini taqdim etdi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlar, zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligida erishilgan yutuqlar namoyish qilindi.
Tanlov yakunida bosh sovrin Xiva shahar hokimligiga topshirildi. Yangiariq tumani hokimligi birinchi, Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Uchinchi o‘rin esa Urganch davlat universiteti, UzAuto kompaniyasining Xorazmdagi filiali va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining viloyat boshqarmasiga berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Andijon polkasi»ni Ginnes rekordlariga kiritish uchun 730 mln so‘m ketgani haqida yozgandi.