
Yevropada iyul oyidagi rekord issiqlikdan so‘ng yana kuchli jazirama to‘lqini kuzatilishi kutilmoqda. Joriy haftaning o‘rtalariga borib, London, Parij va Rimda havo harorati 35°C dan yuqori, Madrid va ayrim hududlarda esa 40°C atrofida yoki undan yuqori bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Weather Channel xabar berdi.
Jazirama G‘arbiy Yevropadan boshlanadi
Navbatdagi issiq havo to‘lqini Buyuk Britaniya va G‘arbiy Yevropa ustida «issiqlik gumbazi» shakllanishi bilan boshlandi.
Joriy hafta o‘rtalariga kelib harorat London, Parij va Rimda 35–37°C gacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Madridda esa harorat 40°C dan oshishi mumkin. Ayrim prognozlarga ko‘ra, Parijda ham 40°C ga yaqin ko‘rsatkich qayd etilishi ehtimoli bor.
Bu ko‘rsatkichlar yilning ushbu davri uchun odatdagi haroratdan 8–11°C yuqori bo‘lishi mumkin.
Issiq Markaziy Yevropaga ham tarqaladi
Hafta oxiriga borib jazirama Markaziy Yevropaga siljishi kutilmoqda. Bu hududlarda ham harorat 35°C dan yuqoriga ko‘tarilishi mumkin.
Shu bilan birga, issiq sharqqa siljishi ortidan G‘arbiy Yevropada havo biroz salqinlashi kutilmoqda. Biroq haroratning qachon va qanchaga pasayishi hozircha aniq emas.
Navbatdagi jazirama Yevropaning ayrim mamlakatlarida rekord haroratlar qayd etilgan haftadan keyin kelmoqda. O‘tgan hafta Avstriya va Polshada harorat bo‘yicha rekordlar yangilangan.
Avgustning qolgan qismi ham issiq bo‘lishi kutilmoqda
The Weather Company va AG2 prognozlariga ko‘ra, avgust oyining qolgan qismida ham Yevropaning katta hududlarida harorat me’yordan yuqori bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar Yevropada bunday kuchli issiq to‘lqinlari tez-tez takrorlanayotganini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Yevropa dunyodagi eng tez isiyotgan qit’a sifatida qayd etilmoqda.
Doimiy jazirama «issiqlik gumbazlari»ning shakllanishiga, qurg‘oqchilik, suv sathining pasayishi va o‘rmon yong‘inlari xavfining ortishiga olib kelmoqda.
O‘rta Yer dengizida suv harorati ham rekordga yaqin
Issiqlik nafaqat quruqlik, balki O‘rta Yer dengizida ham kuzatilmoqda. O‘tgan hafta Ispaniyaning Malyorka oroli g‘arbidagi hududda joylashgan kuzatuv qurilmasi dengiz suvi haroratini 91,4°F (33°C atrofida) qayd etgan. Dastlabki ma’lumot tasdiqlansa, bu O‘rta Yer dengizi uchun tarixdagi eng yuqori suv harorati bo‘lishi mumkin.
Avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri 2024-yil 15-avgustda Misr qirg‘oqlari yaqinida 89,5°F (31,9°C) darajasida qayd etilgan. Ayrim hududlarda O‘rta Yer dengizi suvi harorati odatdagidan 4°C gacha yuqori bo‘lib, 1982-yildan buyon kuzatilgan ma’lumotlar bo‘yicha rekord darajaga yaqinlashgan.
Mutaxassislar dengiz suvining haddan tashqari isishi qirg‘oqbo‘yi hududlarida issiq va nam havoning, ayniqsa tunda, uzoqroq saqlanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq dunyoda jazirama, o‘rmon yong‘inlari va okeanlardagi rekord harorat davom etayotgan bo‘lsa ham 2026-yil hali tarixdagi eng issiq yil maqomini olmagani haqida xabar berilgandi.