Yangiliklar

YouTube monetizatsiya talablarini ikki baravar oshiradi

YouTube’ning rasmiy YPP mavjud bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston yo‘q
YouTube monetizatsiya talablarini ikki baravar oshiradi
Manba: depositphotos

YouTube 2027-yil 1-fevraldan hamkorlik dasturi — YouTube Partner Program (YPP) orqali reklama va obunalardan daromad olish shartlarini kuchaytiradi. Bu haqda TechCrunch xabar bermoqda.

Hozirgi talab bo‘yicha kanal 1 ming obunachiga ega bo‘lib, oxirgi 12 oyda 4 ming soat tomosha vaqtini yoki 90 kun davomida 10 mlnta haqiqiy Shorts ko‘rishini yig‘ishi talab qilinadi. Shunday qilib, ko‘rishlar bo‘yicha asosiy mezonlar ikki baravar oshirilmoqda.

Yangi talablar amaldagi hamkorlarga ta’sir qilmaydi

YouTube’ning ma’lum qilishicha, yangi talablar allaqachon YPP ishtirokchisi bo‘lgan kanallarga tatbiq etilmaydi. O‘zgarishlar asosan 2027-yil 1-fevraldan keyin reklama va YouTube Premium daromadlarini olish uchun hamkorlik dasturiga qo‘shiladigan yangi ijodkorlarga tegishli.

Amaldagi YPP ishtirokchilari esa yangi shartlarni YouTube Studio orqali ko‘rib chiqib, 2027-yil 31-yanvargacha qabul qilishi kerak.

Shorts’dan daromad olish uchun 10 mln ko‘rish kerak bo‘ladi

YouTube Shorts uchun ham alohida monetizatsiya talabi joriy qilinadi. 2027-yil 1-fevraldan Shorts reklamalari va obuna daromadidan ulush olish uchun kanal so‘nggi 90 kun davomida kamida 10 mln ta haqiqiy Shorts ko‘rishini saqlab turishi kerak.

Agar kanal ushbu chegaradan pastga tushsa, u YPP tarkibida qoladi va oddiy uzun videolardan daromad olishni davom ettirishi mumkin. Shorts bo‘yicha daromad taqsimoti esa kanal yana 90 kun ichida 10 mln ko‘rish chegarasiga yetgach avtomatik tiklanadi.

YouTube bunday kanallar uchun Shopping, brendlar bilan hamkorlik va ommalashayotgan kontent yaratishga bog‘liq qo‘shimcha rag‘batlantirish dasturlarini ham ishlab chiqmoqda.

Premium Lite ko‘proq mamlakatlarda ishlaydi

Monetizatsiya talablari kuchaytirilishi bilan bir vaqtda YouTube Premium Lite xizmatini YouTube Premium mavjud bo‘lgan barcha mamlakatlarga kengaytirishini ma’lum qildi.

Platformaga ko‘ra, Premium obunasidan olingan sof daromadning 30 foizi, Premium Lite’da esa 60 foizi ijodkorlar uchun mo‘ljallangan daromad fondiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘ kontentning ko‘rilishi va tomosha vaqtiga qarab taqsimlanadi. Ijodkorlarning ulushi oddiy videolarda 55 foizni, Shorts’da 45 foizni tashkil etadi.

YouTube yangi qoidalarni platformadagi auditoriya hajmining tez o‘sishi bilan izohlamoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilar bir kunda 200 mlrddan ortiq Shorts ko‘radi, televizorlarda esa YouTube videolarini tomosha qilish vaqti kuniga 1 mlrd soatdan oshgan.

O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi hozircha mavjud emas

Yangi talablar O‘zbekistonlik mualliflar uchun hozircha bevosita imkoniyat yaratmaydi. YouTube’ning rasmiy YPP mavjud bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston yo‘q. Platforma hamkorlik dasturiga kirish uchun foydalanuvchi YPP faoliyat yuritadigan davlat yoki hududda yashashi kerakligini belgilagan.

Shu sabab O‘zbekiston rezidenti sifatida YouTube Partner Program’ga ulanib, reklama va YouTube Premium’dan platforma orqali daromad olish imkoniyati hozircha mavjud emas. Kanal videolarida reklama ko‘rsatilishi mumkin, biroq YPP ishtirokchisi bo‘lmagan muallif ushbu reklama daromadidan ulush olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple iPhone Ultra 2 ustida ishlashni boshlagani haqida yozgan edi.