Yangiliklar

Alisher Qodirov noqonuniy qurilishlar uchun jarimalarni oshirishni qo‘llab-quvvatladi

Uning fikricha, odatda tadbirkorlarga nisbatan jarimalarning ko‘paytirilishi biznes muhitiga salbiy ta’sir qilishi mumkin
Alisher Qodirov noqonuniy qurilishlar uchun jarimalarni oshirishni qo‘llab-quvvatladi
Foto: Instagram/ Alisher Qodirov/ videodan olindi

Deputat Alisher Qodirov qurilish sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalarni oshirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, odatda tadbirkorlarga nisbatan jarimalarning ko‘paytirilishi biznes muhitiga salbiy ta’sir qilishi mumkin, biroq noqonuniy qurilishlar masalasida aholining xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi kerak.

Qodirov fraksiya yig‘ilishida qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar, jumladan, ruxsat etilgan qavatlar sonidan oshirib bino qurish va belgilangan talablarga rioya qilmaslik katta xavfga aylanayotganini ta’kidladi.

Uch qavatga ruxsat olib, 12 qavat qurish katta xavfga aylandi

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar jarimalarning ko‘paytirilishiga umuman olganda ijobiy qarashmaydi. Chunki haddan tashqari yuqori jarimalar tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlarga zarar yetkazishi mumkin.

Shu bilan birga, fraksiya muhokamalaridan keyin noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq vaziyat alohida yondashuvni talab qilishi haqida xulosaga kelingan.

«Shaharda noqonuniy qurilish, shaharning xohlagan joyida qurilish va xohlaganidek qurish, uch qavatga ruxsat olib, lekin 12 qavat qilib qurish kabi masalalar bugun juda katta xavfga aylanibdi», — dedi u.

Deputatning aytishicha, fraksiya yig‘ilishida tegishli qo‘mita raisining hisoboti va takliflari ham eshitilgan. Muhokamalar davomida qurilish sohasida korrupsiya xavfi yuqori ekani qayd etilgan.

Bir pod’yezddan $10 mln daromad haqida gap ketmoqda

Qodirov qurilish biznesida juda katta mablag‘lar aylanayotganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda bitta pod’yezdning daromadliligi $10 mln atrofida bo‘lishi mumkin.

Deputat bunday katta iqtisodiy manfaat mavjud sharoitda amaldagi jarimalar ayrim quruvchilarni qonunbuzarlikdan qaytarish uchun yetarli bo‘lmayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, quruvchi noqonuniy harakat orqali olishi mumkin bo‘lgan daromad jarimadan ancha yuqori bo‘lsa, mavjud javobgarlik mexanizmi o‘z vazifasini bajarmaydi. Shu sababli jazo miqdori qonunni chetlab o‘tishni iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lmaydigan darajaga yetkazilishi kerak.

Jarima quruvchiga noqonuniy qurilish zarar keltirishini ko‘rsatishi kerak

Qodirovning tushuntirishicha, taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadlaridan biri noqonuniy qurilishdan foyda olish imkoniyatini kamaytirishdir.

«Puli bilan masalani hal qilmoqchi bo‘lgan quruvchi avvaldan bilsin — bu ish uni zararga olib keladi. Kimlargadir pul berib yoki qayerdadir qaysidir masalalarni aylanib o‘tib, hal qilib keta olmaydi», — dedi deputat.

Uning fikricha, noqonuniy qurilgan har bir kvadrat metr uchun javobgarlik shunday hisoblanishi kerakki, quruvchi loyiha boshidayoq qonunni buzish moliyaviy jihatdan foydasiz ekanini tushunsin.

Qodirov qurilish sohasini tartibga solishdagi muammolar ushbu yo‘nalishda alohida milliy qo‘mita tashkil etilishining sabablaridan biri bo‘lganini ham qayd etdi.

Birinchi masala xalqning xavfsizligi bo‘lishi kerak

Deputat noqonuniy va talabga javob bermaydigan qurilishlar nafaqat shaharsozlik, balki odamlar hayoti uchun ham xavf tug‘dirishini ta’kidladi.

U xorijda yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida ko‘p qavatli binolarning qulashi holatlarini misol qilib keltirib, quruvchilarning daromad olishi uchun aholini bunday xavf ostiga qo‘yib bo‘lmasligini aytdi.

«Har qanday tadbirkor, har qanday daromad, mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlari haqida qayg‘urishimiz va ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Lekin birinchi masalamiz xalqimizning xavfsizligi va turmush sharoitini yaxshilash bo‘lishi kerak», — dedi Qodirov.

U qonun loyihasining umumiy konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlashini, hujjat ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotganda esa ayrim normalar yana batafsil muhokama qilinishi mumkinligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Alisher Qodirov futbol bo‘yicha milliy terma jamoani tanqid qilgani haqida yozgan edi.