
Rossiyaning Tatariston respublikasidagi Nijnekamsk shahrida dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi 12-avgust kuni maxsus aviareys bilan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
2026-yil 10-avgust kuni Nijnekamsk shahridagi qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujum uyushtirilgan edi. Hodisa oqibatida qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Yana bir qator o‘zbekistonliklar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonalarga joylashtirildi.
Jasadlar maxsus aviareys bilan olib kelindi

Prezident topshirig‘iga muvofiq tuzilgan Hukumat komissiyasi halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini Vatanga olib kelish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni tashkil etdi.
Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar jarayonga jalb qilindi.
Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov hamda Qozon shahridagi bosh konsul Nodirjon Qosimov voqea joyiga borib, mahalliy mas’ul idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish va hodisa bilan bog‘liq boshqa masalalar Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, hujum oqibatida jami 13 kishi vafot etgan, 75 kishi tibbiy yordam so‘ragan. Rossiya tergov organlari dron hujumi yuzasidan terrorchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.