Farg‘onada sobiq aerodrom o‘rnida 10 mln dollarlik to‘qimachilik majmuasi barpo etiladi

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida $10 mlndan ortiq investitsiya hisobiga yangi sanoat majmuasi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Loyiha Quva tekstil kompaniyasi tomonidan Haziniy MMTP hududidagi sobiq aerodrom o‘rnida amalga oshiriladi.
Ikki turdagi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Majmua tarkibida paxta tozalash zavodi hamda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha ishga tushirilgach, hududda 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Chorvachilik loyihalari ham ko‘rib chiqildi
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Bag‘dod tumaniga tashrifi davomida mazkur investitsiya loyihasi bilan tanishdi. Tashrif davomida tumanda chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 15 dan ortiq loyihalar ham taqdim etildi.
Bir qator fermer xo‘jaliklarida 1 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ziroatchi Mustafoqul fermer xo‘jaligida esa 2 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan majmua tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
1 ming bosh qoramol va 100 bosh yilqi uchun majmua
Oydinbuloq mahallasida tadbirkor Bahodir Mustafoqulov tomonidan ham chorvachilik loyihasi amalga oshirilmoqda. U 1 ming bosh qoramol va 100 bosh yilqi boqishga mo‘ljallangan.
Hozirda xo‘jalikda 400 bosh chorva mavjud.
Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifasi qo‘yildi
Viloyat rahbari chorvachilik loyihalarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, chorva mollarining naslini yaxshilash va mahsuldorlikni oshirishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda eski aerodromlar turizm uchun qayta ishga tushirilishi haqida yozgandi.