Sport

FIFA ichida bo‘linish: 124 federatsiya Infantinoga qarshi

FIFA ichida bo‘linish: 124 federatsiya Infantinoga qarshi
Foto: Instagram/ Infantino

FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2027-yil mart oyida to‘rtinchi muddatga qayta saylanish imkoniyati jiddiy bosim ostida qoldi. BBC Sport hisob-kitobiga ko‘ra, hozircha FIFAning ovoz berish huquqiga ega 210 a’zosidan 73 tasi Infantinoni qo‘llab-quvvatlamoqda, 124 tasi unga qarshi, yana 13 tasi esa o‘z pozitsiyasini aniq bildirmagan.

Iyul o‘rtalarida Infantino deyarli raqobatsiz qayta saylanishi kutilayotgan edi. Biroq FIFA Jahon chempionati va boshqa turnirlardagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish rejasini ilgari surgach, futbol tashkilotlari orasida keskin norozilik yuzaga keldi. Keyinchalik ushbu rejadan voz kechilganiga qaramay, Infantinoga nisbatan bosim kamaymadi.

G‘alaba uchun kamida 106 ta ovoz kerak

FIFA prezidentligi uchun ikki nomzod kurashsa, g‘olib bo‘lish uchun oddiy ko‘pchilik talab etiladi. Hozirgi tarkibda nomzodga kamida 106 ta ovoz kerak bo‘ladi.

Agar saylovda uch yoki undan ortiq nomzod qatnashsa, birinchi bosqichdayoq g‘alaba qozonish uchun ovozlarning uchdan ikki qismini olish talab etiladi. Hech kim bunday natijaga erisha olmasa, ikkinchi bosqichda oddiy ko‘pchilik yetarli bo‘ladi.

FIFAda Yevropa 55 ta, Afrika 54 ta, Osiyo 46 ta, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi 35 ta, Okeaniya 11 ta, Janubiy Amerika esa 10 ta ovozga ega.

Nepal FIFAning 211-a’zosi bo‘lsa-da, hozirda tashkilotdan chetlatilgan va prezidentlik saylovida ovoz bera olmaydi.

UEFA, Concacaf va AFC Infantinoga qarshi chiqdi

So‘nggi haftalarda Angliya va Uels kabi bir qator Yevropa futbol federatsiyalari avval Infantinoning kelgusi saylovdagi nomzodini qo‘llab-quvvatlab yuborgan xatlarini qaytarib oldi.

Vaziyat UEFA, Shimoliy va Markaziy Amerika futbol konfederatsiyasi Concacaf hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi AFC qo‘shma murojaat bilan chiqib, Infantino va FIFAni ishonchni suiiste’mol qilganlikda ayblaganidan keyin yanada keskinlashdi.

Mazkur uch konfederatsiya jami 136 ta milliy assotsiatsiyani birlashtiradi. Biroq ularning barcha a’zolari ham umumiy pozitsiyaga qo‘shilayotgani yo‘q. Masalan, Butan, Filippin va BAA Infantinoni qo‘llab-quvvatlagan. Meksika ham Concacaf pozitsiyasidan farqli ravishda FIFAning amaldagi prezidentini qo‘llashini bildirgan.

AQSh va Kanada Concacafning so‘nggi bayonotini qo‘llab-quvvatlagan, biroq Infantinoga bevosita qarshi ekanini rasman e’lon qilmagan.

Afrika va Janubiy Amerika uning asosiy tayanchi bo‘lib qolmoqda

Infantino Afrika va Janubiy Amerikadagi futbol tashkilotlari orasida hamon kuchli tayanchga ega. BBC Sport buning sabablaridan biri sifatida uning prezidentligi davrida FIFA tomonidan ushbu hududlarga katta hajmda investitsiyalar yo‘naltirilganini qayd etmoqda.

FIFA Forward dasturi orqali futbol infratuzilmasiga milliardlab dollar ajratilgani Osiyo, Concacaf va Okeaniyadagi ayrim kichik federatsiyalarning ham yakuniy qaroriga ta’sir qilishi mumkin.

Shu sababli hozirgi 73 ga 124 nisbatini saylovning yakuniy manzarasi sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Kelgusi oylar davomida federatsiyalar pozitsiyasi o‘zgarishi mumkin.

Infantinoning asosiy raqibi kim bo‘lishi mumkin

Hozircha FIFA prezidentligiga Infantinoga qarshi hech bir nomzod rasman o‘z nomzodini ilgari surmagan. Nomzodlarni ko‘rsatish muddati noyabrda yakunlanadi.

BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, Concacaf prezidenti Viktor Montaglyani so‘nggi haftalarda Infantinoning ehtimoliy eng jiddiy raqibi sifatida tilga olinmoqda.

Agar AFC prezidenti Shayx Salmon ham prezidentlik uchun kurashga qo‘shilsa, bu hozircha Infantinoni qo‘llab-quvvatlayotgan ayrim Osiyo federatsiyalarining pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin.

Shu sababli yakuniy ovozlar taqsimoti nafaqat konfederatsiyalarning pozitsiyasiga, balki Infantinoga qarshi kim yagona nomzod sifatida maydonga chiqishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Uels 2027 – 2031-yillar uchun Infantinoni qo‘llamasligi haqida yozgan edi.