Gadjetlar

Huawei nova 16 SE smartfoni sotuvga chiqdi

Huawei nova 16 SE smartfoni sotuvga chiqdi
Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi yangi Huawei nova 16 SE smartfonini Xitoyda sotuvga chiqardi. Bu haqda Huawei central nashri xabar bermoqda.

Qurilma 8500 mA/soat sig‘imli batareya, 66 Vt tezkor quvvatlash, 50 MP asosiy kamera, 120 Hz OLED ekran hamda ikki tomonlama sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan jihozlangan.

Model taqdimotdan bir hafta o‘tib savdoga chiqdi. Uning boshlang‘ich narxi 2499 yuan, ya’ni qariyb $350ni tashkil etadi.

Ekran yorqinligi 8000 nitgacha yetadi

Foto: Huawei

Huawei nova 16 SE 2756 × 1272 piksel aniqlikdagi 6,84 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 120 Hz, maksimal yorqinligi esa 8000 nitgacha yetadi.

Ko‘zga tushadigan miltillashni kamaytirish uchun displeyda 2160 Gts chastotali PWM boshqaruvi qo‘llanilgan.

Smartfon Starry Black, Cherry Blossom Sky, Sky White va Dawn Orange ranglarida taklif etiladi. Qurilmaning qalinligi 7,98 mm, vazni esa 229 grammni tashkil qiladi.

50 MP kamera Red Maple sensori bilan ishlaydi

Smartfonning asosiy kamerasi 1/1,56 dyuym optik formatdagi 50 MP RYYB sensor bilan jihozlangan. Kamera tizimiga Huawei’ning Red Maple multispektral sensori ham qo‘shilgan.

Mazkur sensor tasvirlarda ranglarni yanada aniqroq qayta ishlab berishga xizmat qiladi. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun esa 32 MP old kamera o‘rnatilgan.

Qurilmaning ishlashi 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi Kirin 8020 protsessoriga asoslangan.

Foto: Huawei

8500 mA/soat batareya va sun’iy yo‘ldosh aloqasi bor

Huawei nova 16 SE’ning asosiy xususiyatlaridan biri 8500 mA/soat sig‘imli katta batareyadir. U 66 Vt quvvatli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon, shuningdek, Beidou orqali ikki tomonlama sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan jihozlangan. Bu mobil tarmoq mavjud bo‘lmagan ayrim hududlarda ham sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa qilish imkonini beradi. Qurilma HarmonyOS 6.1 operatsion tizimida ishlaydi.

Narxi $350 dan boshlanadi

Huawei nova 16 SE’ning 128 GB xotirali versiyasi 2499 yuan, 256 GB varianti 2699 yuan, 512 GB modeli esa 3199 yuanga baholangan.

Xitoydagi davlat subsidiyalari hisobga olinganda narxlar mos ravishda taxminan 2124, 2294 va 2719 yuangacha pasayishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Huawei Mate 90 begonalardan ekranni yashiradigan texnologiya olishi mumkinligi haqida yozgan edi.