Liviyadagi eng yirik neft zavodiga dronlar hujum qildi

eʼlon qilindi
Hujumdan keyin taxminan 4,5 mln litr benzin saqlanayotgan rezervuarda yong‘in chiqqan
Liviyadagi eng yirik neft zavodiga dronlar hujum qildi
Foto: Mahmud Turkia/AFP

Liviyaning eng yirik neftni qayta ishlash majmuasi joylashgan Zaviyaga portlovchi modda ortilgan dronlar hujum qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Zaviya neft majmuasi Tripolidan g‘arbda joylashgan bo‘lib, Liviyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodini o‘z ichiga oladi. Mazkur hudud 2011-yilda Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon turli qurolli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga bir necha bor sahna bo‘lgan.

4,5 mln litr benzin saqlangan rezervuar zarar ko‘rdi

Dushanba kuni amalga oshirilgan hujumda hozircha kimga tegishli ekani aniqlanmagan portlovchi modda ortilgan dronlar Zaviya Oil Refining Company obyektlarini nishonga olgan.

Hujumdan keyin taxminan 4,5 mln litr benzin saqlanayotgan rezervuarda yong‘in chiqib, uning konstruksiyasi qulagan.

Majmua egasi Brega Petroleum Marketing kompaniyasi yong‘in kutilganidan ancha tez o‘chirilganini bildirdi. Reuters suhbatlashgan muhandislarga ko‘ra, zarar cheklangan, biroq korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Seshanba tongida yana ikki dron Zaviya elektr stansiyasiga hujum qilgani ma’lum qilindi. Ulardan biri yong‘inni o‘chirish tizimiga urilgan, biroq jiddiy zarar yetkazmagan.

Bosh vazir hujum javobsiz qolmasligini aytdi

Liviyaning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati bosh vaziri Abdulhamid Dbayba fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumni qoraladi.

Uning ta’kidlashicha, muhim obyektlarga dronlar bilan zarba berilishi tasodifiy hodisa emas, balki davlat va uning institutlariga qarshi tashkil etilgan xavfli harakatdir. Dbayba bunday hujumlarga qat’iy javob berilishi va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Avvalroq «Kursiv» BAA OPEKdan chiqishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek