Yangiliklar

Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 543 mlrd dollarga yetdi

Mintaqa iqtisodiyotida eng katta ulush Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 543 mlrd dollarga yetdi
Foto: SI

Markaziy Osiyo mintaqasidagi besh davlatning jami yalpi ichki mahsuloti qariyb $543 mlrdga baholanmoqda. Bu haqda The Times of Central Asia xabar berdi.

Mintaqa iqtisodiyotida eng katta ulush Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi — mamlakat YAIM hajmi qariyb $306 mlrdni tashkil etadi. Qozog‘iston hissasiga Markaziy Osiyo iqtisodiyotining qariyb 56 foizi to‘g‘ri keladi. Ya’ni mintaqada yaratilayotgan iqtisodiy qiymatning yarmidan ko‘pi aynan ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston $147 mlrd bilan ikkinchi o‘rinda

Mintaqada iqtisodiyoti hajmi bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat YAIMi qariyb $147 mlrdga baholangan.

Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston joylashgan. Turkmaniston iqtisodiyoti hajmi qariyb $50 mlrd, Qirg‘izistonniki $23 mlrd, Tojikistonniki esa $18 mlrdni tashkil etadi.

Keltirilgan ko‘rsatkichlar yaxlitlangan bo‘lib, shu sababli alohida davlatlar bo‘yicha raqamlarning yig‘indisi umumiy bahodan biroz farq qilishi mumkin.

Qozog‘iston iqtisodiyoti O‘zbekistondan ikki baravar katta

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiyoti hajmi O‘zbekistonnikidan ikki baravardan ko‘proq.

Shuningdek, Qozog‘iston YAIMi Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotlari yig‘indisidan ham sezilarli darajada yuqori. Ushbu uch davlatning jami YAIMi qariyb $91 mlrdni tashkil etadi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Markaziy Osiyoda turizm bo‘yicha yetakchiga aylangani haqida yozgan edi.