Qirg‘izistonda yana xalqaro qidiruvdagi ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘sh shahar militsiya boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Birinchi fuqaro 2025-yildan beri qidiruvda bo‘lgan
1988-yilda tug‘ilgan fuqaro 6-avgust kuni Masaliyev ko‘chasidagi xonadonlardan birida ushlangan. U Andijon viloyatida yashagan va ilgari bir necha marta sudlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2025-yil 31-dekabrdan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan. O‘zbekiston hududida fuqarolar hamda huquq-tartibot organlari xodimlariga nisbatan kuch ishlatish bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Ikkinchi shaxs qotillikda gumonlanmoqda
1985-yilda tug‘ilgan ikkinchi fuqaro 7-avgust kuni Avitsenna ko‘chasida qo‘lga olingan. U ham Andijon viloyati rezidenti.
Qirg‘iziston IIB ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur shaxs Toshkent shahrida qotillik sodir etganlikda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan.
O‘zbekistonga topshirilishi mumkin
Hozirda har ikki fuqaro O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanmoqda.
Ularni O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga topshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘izistonda 2023-yildan beri qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik aka-uka ushlangani haqida yozgandi.