Qozog‘iston neft qazib olish qisqarishidan 3,5 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin

eʼlon qilindi
Qozog‘istonda neft qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 8,9 foizga kamayib, 53,2 mln tonnani tashkil etdi
Qozog‘iston neft qazib olish qisqarishidan 3,5 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin
Foto: shutterstock

Qozog‘iston 2026-yilda neft-gaz qazib olish hajmining pasayishi oqibatida $3,5 mlrddan ortiq daromadni yo‘qotishi mumkin. Bu haqda Kursiv Kazakhstan ma’lum qildi.

Ushbu summaning qariyb uchdan bir qismi davlat budjetiga tushmay qolishi mumkin bo‘lgan soliq tushumlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday hisob-kitobni energetika sohasi eksperti Oljas Baydildinov keltirdi.

Uning fikricha, logistika bilan bog‘liq muammolar hamda Qora dengizdagi neft infratuzilmasiga qilingan hujumlar sabab Qozog‘iston bu yil ham 100 mln tonna neft qazib olish marrasiga erisha olmaydi.

Yetti oyda 5,4 mln tonna neft kam qazib olindi

2026-yilning yanvar – iyul oylarida Qozog‘istonda neft qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 8,9 foizga kamayib, 53,2 mln tonnani tashkil etdi.

Baydildinov hisob-kitobiga ko‘ra, yetti oy davomida qariyb 5,4 mln tonna neft qazib olinmay qolgan. Natijada neft kompaniyalari ham, davlat ham ushbu hajmdan olinishi mumkin bo‘lgan daromaddan mahrum bo‘lgan.

Ekspert neftning bir barreli shartli ravishda $80 dan hisoblanganda, qazib olinmagan xomashyo qiymatining o‘zi qariyb $3,2 mlrdga teng bo‘lishini qayd etdi.

Gaz qazib olish hamda neft-gaz kimyosi korxonalaridagi qayta ishlash hajmining kamayishi ham hisobga olinsa, umumiy iqtisodiy yo‘qotish $3,5 mlrddan oshishi mumkin.

KQK va Tengizdagi muammolar ishlab chiqarishga ta’sir qildi

Avvalroq Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov yilning birinchi yarmida mamlakatda rejalashtirilganidan 3,3 mln tonna kam neft qazib olinganini ma’lum qilgan edi.

2026-yil yanvar – iyun oylarida Qozog‘istonda 45,7 mln tonna neft qazib olindi. Bir yil avval shu davrda ko‘rsatkich 49,9 mln tonnani tashkil etgan.

Vazir ishlab chiqarishdagi pasayishni, jumladan, Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) infratuzilmasidagi vaziyat hamda Tengiz konidagi cheklovlar bilan izohlagan.

Qora dengizdagi hujumlar neft eksportini qiyinlashtirdi

Iyun oyida yuz bergan hujumlar oqibatida KQK infratuzilmasi va neft tashuvchi tankerlar zarar ko‘rgan. Bu esa Qozog‘iston neftini yuklash va tashishni qiyinlashtirgan.

Shuningdek, mamlakatda qazib olingan katta hajmdagi neftni uzoq muddat saqlash uchun yetarli rezervuarlar mavjud emasligi ham ishlab chiqarishni majburan qisqartirishga olib kelgan.

Ekspert bahosiga ko‘ra, mavjud logistika cheklovlari saqlanib qolsa, Qozog‘istonning 2026-yilda neft qazib olishni 100 mln tonnaga yetkazish rejasi amalga oshmasligi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 543 mlrd dollarga yetgani haqida yozgan edi.

Shuningdek