Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga keladi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 28-avgust kuni O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda StratNewsGlobal nashri xabar berdi.
Tashrif ShHT sammiti oldidan bo‘ladi
Modi O‘zbekistondan so‘ng Qirg‘izistonga yo‘l oladi. U 31-avgust va 1-sentabr kunlari Bishkekda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etadi.
Nashrning yozishicha, Toshkentga tashrif Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamda strategik hamkorlikni kengaytirishga qaratiladi.
Savdo va strategik minerallar asosiy mavzulardan
Tashrif davomida savdo, transport va logistika, mudofaa, tog‘-kon sanoati hamda strategik minerallar masalalariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.
2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,3 milliard dollarga yetgan. Tomonlar farmatsevtika, tibbiy texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, avtomobilsozlik, elektronika, to‘qimachilik va kimyo sanoatidagi hamkorlikni kengaytirishni ko‘zlamoqda.
Hindiston O‘zbekiston minerallariga qiziqmoqda
Hindiston O‘zbekiston bilan hamkorlikni tog‘-kon sanoati va strategik minerallar yo‘nalishida ham rivojlantirishdan manfaatdor. Bu minerallar zamonaviy ishlab chiqarish, elektronika va toza energiya texnologiyalarida muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, ikki davlat mudofaa sohasida ham hamkorlik qiladi. Jumladan, Hindiston va O‘zbekiston har yili «Do‘stlik» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.
Tashrifga tayyorgarlik boshlangan
Qayd etilishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning yaqinda Hindistonga tashrifi chog‘ida Modi tashrifiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilingan.
Hindiston bosh vaziri O‘zbekistonga bundan avval 2015, 2016 va 2022-yillarda tashrif buyurgan.
Avvalroq Hindistonning Goldstar Group kompaniyasi O‘zbekistonda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha $20 millionlik yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatida ekanligi haqida xabar berilgandi.