iPhone 18’ning asosiy modeli 2026-yil kuzida chiqmasligi mumkin

13-avgust 2026 19:21 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
iPhone 18’ning asosiy modeli 2026-yil kuzida chiqmasligi mumkin
Foto: MacRumors

Apple yangi iPhone 18 seriyasini odatdagidek bir vaqtda taqdim etmasligi kutilmoqda. Bu haqda MacRumors nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, iPhone 18 Pro va Pro Max modellari 2026-yil kuzida namoyish etilsa, standart iPhone 18 taqdimoti 2027-yil bahoriga qoldiriladi.

Yetkazib berish jadvali o‘zgaradi

Apple qurilmalari uchun komponent va yig‘ish xizmatlarini ko‘rsatuvchi Pegatron kompaniyasi 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha konferensiya o‘tkazgan. Tayvanning Economic Daily News nashri xabariga ko‘ra, unda smartfonlar yetkazib berish jadvali avvalgi yillardagidan farq qilishi ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max hamda yangi iPhone Ultra kuzda ishlab chiqarilishi va sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Oddiy iPhone 18 esa keyingi bosqichda – 2027-yil bahorida paydo bo‘lishi mumkin.

Apple an’anaviy jadvaldan voz kechadi

Agar ma’lumot tasdiqlansa, Apple 2017-yildan beri davom etib kelayotgan an’anani o‘zgartiradi. Kompaniya shu davrdan buyon asosiy iPhone modelini yuqori darajadagi versiyalar bilan bir vaqtda taqdim etib kelgan.

Yangi reja bo‘yicha esa iPhone 18 liniyasi ikki bosqichga bo‘linadi. Kuzda kompaniyaning eng ilg‘or modellari, bahorda esa standart versiya chiqarilishi mumkin.

Bahorda yana ikkita model kutilmoqda

Taxminlarga ko‘ra, oddiy iPhone 18 2027-yil mart oyida taqdim etilishi mumkin. U bilan birga iPhone 18e va iPhone Air’ning ikkinchi avlodi ham namoyish qilinishi kutilmoqda.

Shu tariqa Apple bir yil davomida yangi iPhone modellarini ikki alohida mavsumda chiqaradigan tizimga o‘tishi mumkin.

Pro modellarda taqchillik yuzaga kelishi mumkin

Avvalroq tahlilchilar iPhone 18 Pro va 18 Pro Max uchun talab yuqori bo‘lishi sababli ta’minot muammolari yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan.

Bunga yangi, qimmatroq bukiladigan iPhone Ultra ham ta’sir qilishi mumkin. Xaridorlar yuqori darajadagi oddiy Pro modellari bilan yangi bukiladigan qurilma o‘rtasida tanlov qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 Pro Max smartfoni qanday batareya bilan chiqishi haqida yozgandi.

Shuningdek