O‘zbekistonda 4,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
O‘zbekistonda 4,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlandi
Foto: Pexels

O‘zbekistonning bir qator hududlarda jami qariyb 4,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Bekobodda 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan

Departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ikki xo‘jalik rahbari suv nasoslarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab olgani aniqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi hayot mahallasi hududidagi hamda Xos mahallasi hududidagi yer maydonlarida foydalanilgan suv nasoslari orqali jami 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Nurafshonda 37 ta ko‘p qavatli uy bo‘yicha holat aniqlandi

Departamentning Nurafshon shahri bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda bir MChJning mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar 37 ta ko‘p qavatli uydagi lift, nasos va yoritish qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulagani aniqlangan.

Natijada 1,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Piskentda suv nasosi tarmoqqa noqonuniy ulangan

Piskent tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro Zominovul mahallasi hududidagi yer maydonida suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab olgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holatda yetkazilgan zarar 425,1 mln so‘m deb baholangan.

Namanganda elektr energiyasidan tijorat maqsadida foydalanilgan

Namangan viloyatida ikki fuqaro To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Yandama mahallasi hududida joylashgan dala shiyponida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida 282,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Nurotada 143,5 mln so‘mlik zarar aniqlandi

Nurota tumanida esa fuqaro Yangihayot mahallasi hududidagi xonadonida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan.

Tekshiruv davomida 143,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning qayd etishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda 577 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar topilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek