Soliq ilovasida Olma va Havas cheklari keskin ko‘paydi

eʼlon qilindi
Eng ko‘p chek ro‘yxatdan o‘tkazgan TOP – 20 kompaniya bo‘yicha 14,56 mlnta chek qayd etilgan
Toshkentda 1,4 mlrd so‘mlik keshbek firibgarligi fosh etildi
Foto: Soliq qo’mitasi

O‘zbekistonda yilning dastlabki olti oyida Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari soni oshdi. Bunda asosiy o‘sish uchta savdo tarmog‘i – Korzinka, Olma va Havas hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvarida eng ko‘p chek ro‘yxatdan o‘tkazgan TOP – 20 kompaniya bo‘yicha 14,56 mlnta chek qayd etilgan. Iyun oyiga kelib bu ko‘rsatkich 16,66 mlntaga yetgan. Shunday qilib, besh oy davomida cheklar soni qariyb 2,1 mlntaga oshgan.

Biroq o‘sish barcha kompaniyalarda bir xil bo‘lmagan. Korzinka, Olma va Havas’da qayd etilgan cheklar soni jami 28,7 foizga ko‘paygan. Qolgan kompaniyalarda esa aksincha, 11,1 foizlik pasayish kuzatilgan.

Olma eng katta o‘sishni qayd etdi

Uchta yirik savdo tarmog‘i orasida eng yuqori o‘sish Olma supermarketida kuzatilgan. Yanvarda ushbu tarmoqda 1,5 mlnta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, iyunda ularning soni 2,79 mlntaga yetgan. Bu 85,7 foizlik o‘sishni anglatadi.

Korzinkada esa cheklar soni 5,79 mlntadan 6,75 mlntagacha ko‘paygan. Havas’da yanvardagi 2,03 mlnta ko‘rsatkich iyunda 2,46 mlntaga yetgan.

Natijada ushbu uchta kompaniyaning TOP – 20 dagi ulushi 64,1 foizdan 72,1 foizgacha oshgan.

Fast-fud tarmoqlarida ham o‘sish bor

Cheklar sonining ortishi umumiy ovqatlanish sohasida ham kuzatilgan. Evos’da ko‘rsatkich 29,6 foizga, Oqtepa Lavash’da 18,8 foizga, KFC’da esa 8,6 foizga oshgan.

Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» bo‘yicha ham sezilarli o‘sish qayd etilgan: ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar soni 120,7 mingdan 359,5 mingtagacha ko‘paygan.

Yonilg‘i kompaniyalarida pasayish kuzatildi

Ayrim kompaniyalarda esa vaziyat aksincha bo‘lgan. UNG Petro’da Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar 38,3 foizga, Saneg’da 62 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, bu raqamlarni kompaniyalarning real savdo hajmi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Statistikada aynan Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar hisobga olingan.

Iyun oyida TOP – 20 ro‘yxatining tarkibi ham o‘zgargan. Yanvar oyidagi ayrim kompaniyalar o‘rnini Big Pharm, Vaksina Med, Intran Servis, ASR & Co. va Osiyo Trade Biznes egallagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 4,7 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek