JCh vaqtida Ronaldu va Messiga suiqasd uyushtirilgan

eʼlon qilindi
Argentina va Iordaniya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan ikki kishi Messini o‘ldirish niyati borligini aytgan
Foto: Chiamarsibomber.com

AQSh politsiyasi hisobotida 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida Lionel Messi va Krishtianu Ronalduga qarshi bir nechta tahdid bo‘lgani ma’lum qilindi. Bu haqda politsiya ma’lumotiga tayanib, Marca nashri xabar berdi.

Messi ishtirokidagi o‘yinlar oldidan tahdidlar kuchaygan

AQSh huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Argentina va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqichi uchrashuvi oldidan Dallas aeroportiga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, stadionga yana ikki kishi bilan bostirib kirishini aytgan. Ular qurol va qo‘lbola portlovchi qurilmalar olib kirishi haqida tahdid qilgan hamda Messini o‘ldirish niyatini bildirgan.

Argentina va Misr o‘rtasidagi nimchorak final uchrashuvi oldidan ham shunga o‘xshash tahdid qayd etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs Messiga hujum qilishini yozgan.

Uchrashuv vaqtida esa stadiondagi chiqindi qutilaridan birida uchta bomba borligi haqida politsiyaga xabar kelib tushgan. Stadion to‘liq tekshirilgan, biroq portlovchi qurilmalar topilmagan. Xabar yolg‘on ekani aniqlangan.

Ronaldu ham xavfsizlik tahdidiga duch kelgan

Jahon chempionati vaqtida Krishtianu Ronaldu ham xavfsizlik bilan bog‘liq hodisaga duch kelgan.

FIFA AQSh Federal qidiruv byurosiga (FBI) Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxona haqida ma’lumot izlayotgan shubhali shaxs borligini bildirgan. Ikki kundan so‘ng Houston politsiyasi aynan shu odamni mehmonxonada qo‘lga olgan.

Yana bir shaxs esa Torontoda Ronaldu bilan birga liftga yashirincha kirishga uringan. U futbolchidan faqat suratga tushishni istaganini aytgan.

Hakamlarga ham minglab tahdidlar bo‘lgan

JCh davomida tahdidlar faqat futbolchilar bilan cheklanmagan. Argentina va Misr uchrashuvini boshqargan fransiyalik hakam Fransua Leteksye o‘yinidan so‘ng WhatsApp orqali 6 mingdan ortiq haqorat va tahdidli xabar olgan.

Uchrashuvning VAR hakami Villi Delajo ham shunday tahdidlarga duch kelgan. Xavfsizlik sababli Fransiyada ularning uylari va oilalarini qo‘riqlash choralari kuchaytirilgan.

AQSh politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon chempionati davomida FBI va Xalqaro politsiya hamkorlik markazi (IPCC) bir qator xavfsizlik tahdidlarini aniqlash va bartaraf etish bilan shug‘ullangan.

Avvalroq portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida vafot etgani yuzasidan hamdardlik bildirgandi.

Shuningdek