Jorjina Rodriges va Ronaldu to‘ydan keyin ilk bor ko‘rinish berdi

14-avgust 2026 07:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jorjina Rodriges va Ronaldu to‘ydan keyin ilk bor ko‘rinish berdi
Kollaj: Marca

Jorjina Rodriges va Ronaldu nikohini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, Lissabondagi Umberto Delgadu aeroportida farzandlari bilan birga ko‘rinish berdi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.

Portugaliya OAVga ko‘ra, yangi turmush qurgan juftlik aeroportning VIP kirish qismidan foydalangan.

Marca nashri SIC Notícias telekanaliga tayanib yozishicha, Ronaldu va Jorjinaning navbatdagi manzili Saudiya Arabistoni bo‘lishi mumkin. Biroq ularning aynan qayerga uchib ketgani rasman tasdiqlanmagan.

Ronaldu jurnalistlarga hazil bilan murojaat qildi

Aeroportda juftlikni bir necha jurnalist kutib turgan. Ronaldu ularni uzoqdan ko‘rib, tabassum bilan «qiziquvchanlar» deya murojaat qilgan.

Futbolchi va Jorjina aeroportga farzandlari hamrohligida kelgan. Bu ularning nikoh haqidagi xabar ommaga ma’lum qilinganidan keyingi ilk ommaviy ko‘rinishi bo‘ldi.

Bir kun avval juftlik Instagram’da ikki qo‘l va nikoh uzuklari aks etgan suratni e’lon qilgan edi. Unda «C <3 G» yozuvi ham joylashtirilgan. Shu tariqa qariyb o‘n yildan beri birga bo‘lgan Ronaldu va Jorjina rasman turmush qurganini tasdiqladi.

Nikoh marosimi Kaskayshda o‘tkazilgani aytilmoqda

Foto: Instagram/ Jorjina Rodriges

Portugaliya matbuotiga ko‘ra, fuqarolik nikohi Lissabon aglomeratsiyasidagi Kaskaysh shahrida yopiq tarzda o‘tkazilgan. Marosim tafsilotlari va unda kimlar qatnashgani rasman oshkor qilinmagan.

Avvalroq Ronaldu va Jorjinaning to‘yi Madeyra orolidagi Funshal soborida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Natijada o‘tgan shanba kuni yuzlab muxlislar sobor oldiga yig‘ilgan. Biroq marosim u yerda o‘tkazilmagan.

Ronaldu JCh – 2026 dan keyin Portugaliyaga qaytgan

Krishtianu Ronaldu 2026-yilgi jahon chempionatidan so‘ng Portugaliyaga qaytgan. 4-avgust kuni u Lissabon yaqinidagi Oeyrash shahrida joylashgan Cidade do Futebol majmuasida «Al-Nassr» va «Almeriya» o‘rtasidagi uchrashuvni tomosha qilgan.

O‘yin Ispaniyaning «Almeriya» klubi foydasiga 2:0 hisobida yakunlangan. Marca ma’lumotida ushbu klub Ronalduga tegishli ekani qayd etilgan.

Ronaldu va Jorjina qariyb o‘n yil davom etgan munosabatlardan so‘ng nikohdan o‘tdi. Ularning aeroportda birgalikda ko‘rinish berishi esa to‘y haqidagi xabardan keyingi dastlabki ommaviy chiqish sifatida e’tibor tortdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodriges va Ronaldu qayerda turmush qurishgani haqida yozgan edi.

Shuningdek