Mulkni qayta baholash, Ronaldu va chiroq muammolari — 14-avgust yangiliklari

eʼlon qilindi
Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekitonga kelayotgan Ronaldo va litsenziyasiz biznes boshlash — 14-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Ronaldu O’zbekistonga keladimi

Foto: Bunyodkor

O‘zbekistonning ikki klubi – «Paxtakor» va «Neftchi» – Osiyo Chempionlar ligasining asosiy bosqichida birgalikda ishtirok etadi. Har ikki jamoa Saudiya Arabistonining Krishtianu Ronaldu sardorlik qiladigan «Al-Nasr» klubiga qarshi o’yin olib boradi. Bu haqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o’z Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Bu sabab portugaliyalik yulduzning O‘zbekistonga kelishi ehtimolini hamda turnir taqvimiga ko‘ra «Al-Nasr» safar uchrashuvlarini O‘zbekistonda o‘tkazsa, Ronaldu Toshkent yoki Farg‘onada maydonga tushishi mumkinligini anglatadi.

O‘zbekistonda ayrim faoliyatlarni uch oy litsenziyasiz boshlash mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda ayrim faoliyatlarni uch oy litsenziyasiz boshlash mumkin bo‘ladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda tadbirkorlarga ayrim litsenziyalanadigan yoki ruxsat beruvchi hujjat talab qilinadigan faoliyatlarni uch oy davomida tegishli hujjatlarsiz boshlash imkoniyati yaratilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkor faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organga maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul xabarnoma yuborishi kerak bo‘ladi.

«Svet»siz qolgan O‘zbekiston

Foto: centralmedia24.kz

Qo‘shni mamlakat energetika tizimida yuz bergan avariya Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatdi. Natijada O‘zbekistonning Surxondaryo va boshqa ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. 

Keyinchalik, avariya oldini olindi hamda yuzaga kelgan kamchiliklarni tuzatish ishlar amalga oshirildi.

Prezident Administratsiyasi mansabdorlari umrbod daxlsizlik immunitetiga ega bo‘ladi

Prezident Administratsiyasi mansabdorlari umrbod daxlsizlik immunitetiga ega bo‘ladi
Foto: Prezident Administratsiyasi

Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari daxlsizlik va immunitetga ega bo‘ladi hamda bu kafolatlarni Administratsiyadagi faoliyatini tugatganidan keyin ham umrbod saqlab qoladi. Bu O‘zbekiston Respublikasining Qonunida qayd etildi.

Boshqaruv xodimlari uchun esa daxlsizlik va immunitet ishdan bo‘shaganidan keyin besh yil davomida amal qiladi.

Qonunning 25-moddasiga ko‘ra, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari daxlsizlik hamda immunitetga ega.

Daxlsizlik ularning o‘ziga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasining shaxsiy hayotiga taalluqli. Bundan tashqari, turarjoy, xizmat xonasi, shaxsiy va xizmat transporti, aloqa vositalari, xat-xabarlar, yozishmalar, elektron ma’lumotlar, ashyo va hujjatlar ham ushbu kafolat doirasiga kiritilgan.

Bolaga otasining ismi familiya sifatida berilishiga rasman ruxsat berildi

Bolaga otasining ismi familiya sifatida berilishiga ruxsat berildi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda bolaga otasining ismi, shuningdek ota yoki ona tomondan bobosining ismi milliy an’analarga muvofiq familiya sifatida berilishi mumkin bo‘ladi. Bu 13-avgust kuni qabul qilingan qonunda nazarda tutilgan.

Qonun bilan Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, bolaga otasining ismi yoki ota yoxud ona tomondan bobosining ismi milliy an’analarga muvofiq familiya sifatida berilishi mumkin.

JCh vaqtida Ronaldu va Messiga suiqasd uyushtirilgan

Foto: Chiamarsibomber.com

AQSh politsiyasi hisobotida 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida Lionel Messi va Krishtianu Ronalduga qarshi bir nechta tahdid bo‘lgani ma’lum qilindi. Bu haqda politsiya ma’lumotiga tayanib, Marca nashri xabar berdi.

AQSh huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Argentina va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqichi uchrashuvi oldidan Dallas aeroportiga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, stadionga yana ikki kishi bilan bostirib kirishini aytgan. Ular qurol va qo‘lbola portlovchi qurilmalar olib kirishi haqida tahdid qilgan hamda Messini o‘ldirish niyatini bildirgan.

Shuningdek, FIFA AQSh Federal qidiruv byurosiga (FBI) Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxona haqida ma’lumot izlayotgan shubhali shaxs borligini bildirgan. Ikki kundan so‘ng Houston politsiyasi aynan shu odamni mehmonxonada qo‘lga olgan.

Yana bir shaxs esa Torontoda Ronaldu bilan birga liftga yashirincha kirishga uringan. U futbolchidan faqat suratga tushishni istaganini aytgan.

Uy-joyni ommaviy baholash aholi va biznesga nima beradi — vazir o‘rinbosari izoh berdi

Uy-joyni ommaviy baholash aholi va biznesga nima beradi — vazir o‘rinbosari izoh berdi
Foto: depositphotos

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash aholiga uy-joyining bozorga yaqin qiymatini bilish, uni sotish, garovga qo‘yish va sug‘urtalashda iqtisodiy mo‘ljal olish imkonini beradi. Biznes esa obyektlar qiymati haqidagi ma’lumotlardan kredit olish, investitsiyalarni rejalashtirish va yangi loyihalar uchun hudud tanlashda foydalanishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Baholashda obyektning joylashuvi, maydoni, qurilgan yili, bino turi va texnik xususiyatlari bilan birga uning metro, jamoat transporti bekatlari, asosiy yo‘llar, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalariga yaqinligi ham hisobga olinadi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganlik darajasi ham qiymatga ta’sir qiluvchi omillar qatoriga kiradi.

Toshkentda kvartiralar bahosi qayta ko‘rib chiqildi: soliqlar nima bo‘ladi

Toshkentda hovli-joylar kadastr qiymatidan 15 baravar yuqori baholandi
Foto: SI / Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahrida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy baholash natijalariga ko‘ra, 600 mingdan ortiq kvartiraning bahosi amaldagi kadastr qiymatidan qariyb 7,4 baravar, 213 mingdan ortiq hovli-joyniki esa qariyb 15 baravar yuqori chiqdi. Natijalar hozircha dastlabki bo‘lib, 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Toshkent shahrida 600 mingdan ortiq kvartira baholangan. Ularning amaldagi jami kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida bu ko‘rsatkich 426,7 trln so‘mga yetgan.

Shu tariqa kvartiralarning amaldagi kadastr qiymati bilan yangi baholangan qiymati o‘rtasidagi farq qariyb 7,4 baravarni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonga elektromobil importi 2,6 baravarga oshdi

O‘zbekistonga elektromobil importi 2,6 baravarga oshdi
Foto: stat.uz

2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga 37 874 ta elektromobil import qilindi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,6 baravar yoki 23,5 ming dona ko‘p, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Yarim yil davomida olib kirilgan elektromobillarning umumiy qiymati $447,7 mlnni tashkil etdi. Bu 2025-yilning birinchi yarmida mamlakatga import qilingan barcha turdagi avtomobillarning jami qiymatidan $25,6 mln ko‘p.

Instagram 10 yildan keyin logotipini o‘zgartirdi

Instagram 2016-yildan beri foydalanib kelgan logotip yozuvini yangiladi. Platforma eski dizayndan voz kechib, qo‘lyozma va bosma shrift elementlarini birlashtirdi. Bu haqda platforma rahbari Adam Mossermalum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi variant yanada ixcham va zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Shu bilan birga, Instagram’ning dastlabki uslubiga xos ayrim jihatlar saqlab qolingan.

Biroq yangi logotip foydalanuvchilarning barchasiga ham yoqmagan. Ayrimlar yozuvni o‘qish qiyinlashganini ta’kidlab, u hatto «Instagram» emas, boshqa so‘zga o‘xshab qolganini yozgan.

Shuningdek