Prezident Administratsiyasi mansabdorlari umrbod daxlsizlik immunitetiga ega bo‘ladi

Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari daxlsizlik va immunitetga ega bo‘ladi hamda bu kafolatlarni Administratsiyadagi faoliyatini tugatganidan keyin ham umrbod saqlab qoladi. Bu O‘zbekiston Respublikasining Qonunida qayd etildi.
Boshqaruv xodimlari uchun esa daxlsizlik va immunitet ishdan bo‘shaganidan keyin besh yil davomida amal qiladi.
Daxlsizlik oila a’zolariga oid ma’lumotlarni ham qamrab oladi
Qonunning 25-moddasiga ko‘ra, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari daxlsizlik hamda immunitetga ega.
Daxlsizlik ularning o‘ziga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasining shaxsiy hayotiga taalluqli. Bundan tashqari, turarjoy, xizmat xonasi, shaxsiy va xizmat transporti, aloqa vositalari, xat-xabarlar, yozishmalar, elektron ma’lumotlar, ashyo va hujjatlar ham ushbu kafolat doirasiga kiritilgan.
Qonunda «mansabdor shaxslar» doirasi ham alohida belgilangan. Ular qatoriga Administratsiya rahbari va uning shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchilari, Prezident yordamchisi, Administratsiya rahbari o‘rinbosarlari, Prezident maslahatchilari va ularning o‘rinbosarlari, Prezident vakillari, shuningdek, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari kiradi.
Mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga yo‘l qo‘yilmaydi
Konstitutsiyaviy Qonunga ko‘ra, Administratsiyaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ularni jinoiy javobgarlikka tortish yoki ularning huquq va erkinliklarini cheklovchi boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ularga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish, surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish yoki ma’muriy qamoq qo‘llash mumkin emasligi belgilangan.
Boshqaruv xodimlariga nisbatan esa boshqa tartib nazarda tutilgan. Ular xizmat vazifalari va vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi, bildirgan fikrlari va bergan ko‘rsatmalari uchun jinoiy, ma’muriy yoki fuqaroviy javobgarlikka tortilmaydi.
Boshqaruv xodimiga ish ochish uchun Prezident roziligi kerak
Agar boshqaruv xodimining harakati uning Administratsiyadagi xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, unga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish va boshqa protsessual choralarni qo‘llash uchun Prezidentning yozma roziligi talab etiladi.
Bunday xodim Administratsiyada ishlab turganida yoki undan bo‘shatilganidan keyin unga nisbatan jinoyat ishini faqat O‘zbekiston Bosh prokurori qo‘zg‘atishi mumkin. Ushbu toifadagi jinoyat ishlari esa Oliy sud sudloviga tegishli bo‘ladi.
Qonun Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlarini tezkor-qidiruv organlari tomonidan maxfiy hamkorlikka jalb qilishni ham taqiqlaydi. Bu taqiq ular Administratsiyadan bo‘shaganidan keyin ham saqlanadi.
Oila a’zolariga ham umrbod diplomatik pasport beriladi
Konstitutsiyaviy Qonunda mansabdor shaxslar uchun yana bir muhim kafolat nazarda tutilgan. Administratsiyaning mansabdor shaxslari hamda ularning turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasiga belgilangan tartibda umrbod biometrik diplomatik pasport beriladi.
Boshqaruv xodimlariga esa bunday pasport Administratsiyadagi faoliyati davomida beriladi. Mansabdor va boshqaruv xodimlari hamda ularning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash tartibini Prezident belgilaydi.
Ishdan ketgach yuqoriroq lavozim ham kafolatlanadi
Administratsiyada ishlagan mansabdor shaxslar va boshqaruv xodimlari uchun ishga joylashtirish bo‘yicha ham alohida kafolat joriy etildi.
Ular Administratsiyadagi lavozimidan ozod etilganda, Administratsiyaga kelishidan avval egallagan lavozimidan kamida bir pog‘ona yuqori darajadagi lavozim berilishi nazarda tutilgan. Agar bunday bo‘sh lavozim mavjud bo‘lmasa, avvalgi lavozimiga teng yoki davlat organlaridagi kamida bir pog‘ona yuqori yoxud teng darajadagi lavozim birinchi navbatda taklif qilinadi.
Bu qoida ayrim hollarda, jumladan mehnat intizomini buzganlik uchun ishdan bo‘shatilganlarga tatbiq etilmaydi. Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan, ya’ni 14-avgustdan kuchga kirdi.
Avvalroq «Kursiv» Saida Mirziyoyeva Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani haqida yozgan edi.