
Investorlar amerikalik qo‘shiqchi va aktrisa Selena Gomesni Wondermind Global startapi bilan bog‘liq $1,2 mlnlik sarmoya bo‘yicha firibgarlikda ayblab, sudga murojaat qildi. Gomes vakillari hozircha da’volarga izoh bermagan, deya xabar berdi Reuters.
Investorlar Selena Gomes va Wondermind Global rahbariyatiga qarshi AQShning Delaver shtati federal sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Da’vogarlarga ko‘ra, ular ruhiy salomatlik yo‘nalishidagi Wondermind Global startapiga qariyb $1,2 mln sarmoya kiritgan. Investorlar Gomes kompaniyani faol targ‘ib qilishi va loyihaning marketing yo‘nalishida muhim rol o‘ynashiga ishonganini bildirgan.
Investorlar va’da qilingan ishlar bajarilmaganini aytmoqda
Wondermind Global 2021-yilda foydalanuvchilarga ruhiy salomatlik haqida ma’lumot va xizmatlar taqdim etuvchi platforma sifatida ishga tushirilgan.
Investorlarning ta’kidlashicha, Selena Gomes o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi katta auditoriyasidan foydalanib, kompaniyani faol targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan. Biroq da’voda bu majburiyatlar to‘liq bajarilmagani aytilmoqda.
Shuningdek, kompaniya va’da qilingan mobil ilovani ham ishga tushirmagani qayd etilgan.
Startapda moliyaviy muammolar bo‘lgani aytilmoqda
Da’vogarlar Wondermind Global’da foydali biznes yaratish bo‘yicha aniq reja bo‘lmaganini ham iddao qilmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ayrim paytlarda xodimlarga ish haqi va yetkazib beruvchilarga to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda ham qiynalgan.
Investorlar startapdagi moliyaviy va tashkiliy muammolar haqida 2025-yil sentabrida OAVda ma’lumotlar paydo bo‘lgach bilganini bildirgan.
Investorlar mablag‘larini qaytarishni talab qilmoqda
Da’vogarlar sud orqali kiritgan qariyb $1,2 mln sarmoyasini qaytarish hamda sud xarajatlarini qoplashni talab qilmoqda.
Selena Gomes va uning vakillari da’vo bo‘yicha hozircha ommaviy izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Devid Bekhem 2026-yilgi jahon chempionati bilan bog‘liq reklama shartnomalaridan taxminan $25 mln daromad olgani ma’lum qilingandi. Bekhem professional futbolchilik faoliyatini 2013-yilda yakunlaganiga qaramay, jahon sportidagi eng talabgir reklama qiyofalaridan biri bo‘lib qolmoqda.