Terroristik tashkilotlar bilan aloqa qilgan shaxs 10 yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi terroristik tashkilotlar faoliyatiga aloqador jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro 2017-yilda Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlardan biriga o‘qishga kirgan. Xorijda tahsil olayotgan vaqtida u ijtimoiy tarmoqlarda «jihod», «hijrat» va «shahidlik» g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi audio va videomateriallarni kuzata boshlagan.
Terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslar bilan bog‘langan
Tergov materiallariga ko‘ra, fuqaro Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolar ta’sirida radikal g‘oyalarga berilgan. Keyinchalik u Instagram va Telegram orqali Suriya hududida faoliyat yuritayotgan «Tavhid va jihod katibasi» hamda «G‘uroba katibasi» terroristik tashkilotlariga aloqador shaxslar bilan muloqot o‘rnatgan.
Shundan so‘ng u mazkur tashkilotlarga tegishli materiallarni internet orqali tarqata boshlagan.
Universitetni tamomlagach ham Janubiy Koreyada qolgan fuqaro «G‘uroba katibasi» terroristik tashkilotining media blogeri sifatida ko‘rsatilgan «Saad Muxtor» bilan internet orqali aloqada bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, u ushbu shaxsning da’vatlariga ishonib, unga pul mablag‘lari ham yuborgan. 2023-yil dekabr oyida fuqaro O‘zbekistonga qaytgan.
Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan
2024-yil iyul oyida u Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga borgan. Biroq uning rejasi amalga oshmagan va u ortga qaytgan.
Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi
Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq «Kursiv» Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlangani haqida yozgan edi.